05:23 / 20.05.2020
7758
Mahmud Abbos Falastin Isroil va AQSh bilan imzolangan barcha kelishuvlardan chiqqanini e'lon qildi
Foto: Reuters

Falastin prezidenti Mahmud Abbos mamlakat Isroil va AQSh bilan imzolangan barcha kelishuvlardan chiqqanini e'lon qildi. Falastin yetakchisi bu haqda «Al Jazira» telekanali jonli efirida aytgan. Bunga sabab sifatida Isroilning Falastin yerlarini o‘zlashtirishga urinishi keltirilgan.

«Falastinni ozod qilish Tashkiloti hamda Falastin xalqi bugundan Isroil va AQSh bilan barcha kelishuvlar bo‘yicha majburiyatlarni tan olmaydi. Jumladan, xavfsizlik bo‘yicha kelishuv doirasida ham», degan Mahmud Abbos. U shuningdek, Falastinni istilo qilgani uchun Isroil xalqaro hamjamiyat oldida javob berishi kerakligini aytgan.

Mahmud Abbos Falastinni xalqaro tashkilotlar va institutlar safiga qo‘shish vaqti kelgani haqida gapirgan. «Biz o‘zimizni bir qismi deb hisoblaydigan xalqaro huquq, arab dunyosi va islom olami doirasidagi kelishuvlarga, shuningdek, xalqaro terrorizmning har qanday ko‘rinishdagi turiga qarshi kurashda sobitqadamligimizni yana takrorlamoqchimiz», degan Falastin yetakchisi.

Mahmud Abbos mamlakat qaysi shart bilan Isroil bilan muzokaralar stoliga o‘tirishini ham aytdi: «Muzokaralar xalqaro ishtirokchilar kuzatuvida xalqaro konferensiya tartibida va xalqaro huquq normalari asosidagina bo‘lib o‘tishi mumkin».

Avvalroq Isroilda ikkita bosh vazirdan iborat hukumat tasdiqlangandi.

Top