Kun.uz muxbiri prezident Mirziyoyevning madaniyat sohasiga oid yangi farmoni va bu sohada yechimini kutayotgan bir nechta muammolar yuzasidan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan suhbat uyushtirdi. Kecha suhbatning birinchi qismi o‘quvchilar e'tiboriga havola qilingan edi.
Quyida Madaniyat vaziri bilan suhbatning ikkinchi qismi bilan tanishishingiz mumkin.
— Maktablarda yillar davomida musiqa darslari e'tiborsiz qarab kelindi. Darslarni ayrim hollarda boshqa fan o‘qituvchilari o‘tgan holatlar yoki kerakli cholg‘u asboblari bo‘lmagan holatlar yetarlicha. Bu sohada qanaqa o‘zgarishlar bo‘ladi?
Musiqa ta'limi bo‘yicha Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi bilan alohida dastur ishlab chiqiladigan bo‘ldi. Aslini olganda ham, musiqa ta'limi siyosatini qaysi bosqichda bo‘lmasin, Madaniyat vazirligi yuritishi, dasturini tayyorlab berishi kerak. Va albatta, yagona siyosat yuritilsagina, bu borada yaxshi yechim topilishi mumkin. Agar hamma o‘ziga qulay variantini qabul qilsa, lekin soha egalari bo‘la turib jim tursak, bu to‘g‘ri emas.
Masalan, Xalq ta'limi vazirligining auditoriyasini tahlil qilsak, ular bizning muxlislarimiz ekani oydinlashadi. Muxlis esa to‘g‘ri baho bera olish darajasida bazaviy bilimi bo‘lishi kerak. Bugun ayrim arzon san'at turlarining yuqorilab ketishida ham muxlis saviyasi tushgani sabab bo‘lib qolmoqda. Ya'ni muxlis ijrochilarga katta-katta talab qo‘ymayapti, «bo‘laveradi» deya borini qabul qilyapti, fonogrammalarga ko‘nikyapti. Masalan, bizning yoshligimizda qishloq to‘ylarida ham san'atkordan klassik asarlar so‘ralar edi. Biri fermer, biri haydovchi, biri o‘qituvchi bo‘lgan auditoriya vakillari klassik san'at namunalarini so‘rardi, katta-katta majburiyatlar qo‘yardi.
Demak, muxlis talabi, iste'molchi xohishlari san'atning qadri oshishida katta rol o‘ynaydi. Shuning uchun umumta'lim maktablariga befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Chunki biz u yerda professional san'atimizga baho beruvchi, qabul qiluvchi va uni iste'mol qiluvchi muxlis tayyorlaymiz.
Shuning uchun bu auditoriyani tayyorlash asosi bo‘lgan maktabgacha ta'lim va xalq ta'limi uchun dastur tayyorlamoqchimiz.
Chunki bola 7 yoshgacha o‘zining qanday qo‘shiq eshitishini tanlab bo‘ladi. Undan keyin bolaga boshqa narsa taklif qilish befoyda. Shuning uchun biz bog‘chalarda maqom kuylaridan, jahon klassikasining kichik-kichik namunalaridan foydalanmoqchimiz, shunda ularni eshitish uchun bolalarning qulog‘i ochiladi.











