10:50 / 08.06.2020
14468
Jorj Floydning o‘limida ayblanayotgan politsiyachi sud oldida javob berishni boshlaydi

AQShning Minneapolis shahri sobiq politsiyachisi, afroamerikalik Jorj Floydning o‘limida ayblanayotgan Derek Shovin 8 iyun kuni sud oldida javob berishni boshlaydi.  

Foto: Videodan kadr

Shovin Floydni qo‘lga olish vaqtida uning bo‘ynini tizzasi bilan deyarli 9 daqiqa bosib turgan. Shundan keyin Floyd hushini yo‘qotib, keyinroq jonlantirish bo‘limida vafot etgan. 

Sobiq politsiyachi ikkinchi darajali qotillikni sodir etishda ayblanmoqda. Bu dastlab inson hayotiga befarqlik bilan jismoniy ziyon yetkazish istagi bo‘lgan qasddan sodir etilgan qotillik hisoblanadi.

Avvalroq politsiyachiga yengilroq ayblov qo‘yilib, gap qasddan sodir etilmagan qotillik haqida borayotgandi. Biroq keyinroq ayblov qat'iylashtirilgan. Shu bilan birga Minnesota shtati bosh prokurori ayblov birinchi darajali qotillikkacha qat'iylashtirilishi mumkinligini istisno qilmagan.

Shovinga hozir qo‘yilayotgan ayblov bilan 40 yillik qamoq jazosi berilishi mumkin. Shovin Floyd nafas ololmayotganini aytganiga qaramasdan, uning uyqu arteriyasini bosib turishda davom etgan. Sobiq politsiyachining ozodlikka chiqishi uchun 1 mln dollar garov puli tayinlangan.    

Floydni qo‘lga olish vaqtida ishtirok etgan yana 3 politsiyachi – Tomas Leyn, Jyey Aleksandr Kueng va To Tao qotillikka sheriklik qilishda ayblanmoqda. Ulardan har biriga 10 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Ular 29 iyunda sud oldida javob bera boshlaydilar.    

Shovin politsiyada 19 yil ishlagan bo‘lib, xizmat davomida otishma bilan kechgan bir necha voqealarda ishtirok etgan. Uning ustidan 15 ta shikoyat tushgan bo‘lib, ulardan faqat birigina bo‘yicha intizomiy choralar ko‘rilgan.

Mavzu
Minneapolisdagi namoyishlar
25 may kuni Minneapolisda politsiya tomonidan qo‘lga olingan 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floyd vafot etgach AQShda ommaviy namoyishlar boshlanib ketdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top