16:16 / 09.06.2020
9719

Mehnat vaziri Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari sarflanishidagi shaffoflik bo‘yicha ma'lumot berdi

Prezident tashrifidan so‘ng, 7 iyun kuni Farg‘ona shahrida qator vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida Xalqaro press-klub sessiyasi o‘tkazildi.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz muxbiri tadbir yakunida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovdan qisqa intervyu oldi.

– Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘larini sarflanishida shaffoflik yo‘qdek. Jamg‘armadan yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun 2019 yilda qancha va 2020 yilning o‘tgan davrida qancha mablag‘ ajratilgan va yil oxiriga qadar yana qancha mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda?

– Hozir, aniq bir raqamni aytolmayman. Yil oxirigacha bu yo‘nalishga yana mablag‘ qo‘shilishi mumkin. Bir raqamni aytishim mumkinki, 2020 yil uchun bizning vazirlik tizimida 460 mlrd mablag‘ mo‘ljallangan edi. Bu mablag‘ga pandemiya sababli yana 200 mlrd so‘m qo‘shildi. Bunga qo‘shimcha tarzda yana 50 mlrd so‘m ajratilmoqda.

Hududlarda mablag‘ga yana qo‘shimcha talab yuzaga keladigan bo‘lsa, biz yana mablag‘ qo‘shishimiz mumkin. Bizda bunga imkoniyat bor.

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘larini sarflanishida shaffoflik yo‘qdek, degan fikringiz noto‘g‘ri. Bu masala, ya'ni subsidiya mexanizmlarining ajratilishi deganda nafaqat bandlik xodimlari, balki joylardagi sektor rahbarlarining birgalikdagi faoliyati tushuniladi.

Bu tizimni shaffof qilish maqsadida bizda bir nechta elektron dasturlar ishlab chiqilgan. Bunda jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar uchun alohida tizim ishlamoqda. U yerda ishchi xodim nima ishlarga jalb qilingani, necha kun ishlagani va qancha summaga ishlagani o‘sha dasturiy ta'minot bazaga kiritib boriladi.

Xuddi shunday, shaxsiy tomorqalar bo‘yicha ham. Nima maqsadda berilgan, ijrochisi kim bo‘lgan, hammasi hisobda. Chunki biz naqd pulni qo‘lga bermaymiz. Masalan, ishsiz fuqaro tormorqasida issiqxona qurmoqchi. Bunda xududlarda tashkil qilingan «Tomorqa xizmati» MChJ xizmatidan foydalaniladi. Bunda dastlab avans mablag‘lar o‘tkazib beriladi. Xizmatlar bajarilgandan so‘ng, ish bajarilgani tasdiqlansagina pul o‘tkaziladi.

Top