21:28 / 19.06.2020
4016
«Sport seksiyalari faoliyatiga ruxsat berilgani hamma o‘zi istaganidek shug‘ullanishi mumkin degani emas» – Otabek Eshmamatov

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati rahbari Otabek Eshmamatovning aytishicha, «yashil» hududlarda sport seksiyalari faoliyatiga ruxsat berilgani hamma o‘zi istaganidek shug‘ullanishi mumkin degani emas, buning uchun ayrim majburiyatlarni bajarish talab etiladi. Aks holda mashg‘ulot o‘tkazish taqiqlanadi.

Foto: International wealth

«Respublika maxsus komissiyasining 29 maydagi qaroriga asosan, 1 iyundan «yashil» hududlarda sport seksiyalari, to‘garaklari, sport zallari va fitnes klublar faoliyatiga ham ruxsat berildi. Biroq bu barcha sport inshootlari endilikda bemalol eshigini ochib, faoliyatini davom ettirishi mumkin, deganimas.

Jumladan, sun'iy qoplamali futbol maydonlarida sport mashg‘ulotlarini olib borish uchun avvalo hududdagi sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi, mahalliy hokimiyat hamda ichki ishlar bo‘limi bilan kelishishi, mashg‘ulotlar o‘tadigan maydonni to‘liq dezinfeksiya qilib chiqishi, maydonga kirishda dezinfeksion “to‘shaklar” tashkil qilishi, sportchilarning tana haroratini o‘lchash uchun pirometr bo‘lishi, agar u bo‘lmaganda haroratni o‘lchash uchun termometr, qolaversa antiseptik vositalar bilan ta'minlangan bo‘lishi lozim. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda bunday maydonlarda mashg‘ulot o‘tkazish taqiqlanadi», deya Otabek Eshmamatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan tasdiqlangan vaqtinchalik sanitariya qoida va me'yorlariga muvofiq, 10 iyundan boshlab hududlarda individual shug‘ullanish uchun trenajyor zallari, basseynlar, sport seksiyalari, to‘garaklari, sport zallari va fitnes klublar, shuningdek, Respublika oliy sport mahorati maktablari, sport turlari bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktablari, ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati, olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari hamda futbol mahorat maktablari faoliyatiga ruxsat berilgan.

«Bunda, sport muassasasi rahbarlari hamda shifokorlari sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarining sanitariya qoida va me'yorlari asosida tashkil etilishini nazorat qiladi. Shuningdek, sport muassasalari dezinfektor qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi, izolyator xonasi tibbiy yordam vositalari, kushetka, stol-stul bilan ta'minlanishi, binolarga kirish-chiqish joylarida dezinfeksion «to‘shak»lar, antiseptik hamda dezinfeksiya vositalari bilan ta'minlanishi lozim.

Vazirlikning hududiy boshqarmalari hamda tuman bo‘limlari rahbarlari karantin davrida sport mashg‘ulotlari va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini hududlarda o‘tkazish bo‘yicha mahalliy hokimliklar, hududiy sog‘liqni saqlash va ichki ishlar bo‘limlari bilan kelishishi, mahallalarga biriktirilgan trenerlar tomonidan reja asosida ijtimoiy masofa saqlangan holda aholi ishtirokida badantarbiya mashg‘ulotlarini o‘tkazishi, sport tadbirlari va badantarbiya mashg‘ulotlari davomida mahalliy aholining bir joyda to‘planishining oldini olishi, sport tadbirlari va badantarbiya mashg‘ulotlarining faol ishtirokchilari hamda g‘olib va sovrindorlarini rag‘batlantirib borishi zarur.

Agar sport tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan maskan “qizil” hududga kiritilsa, u yerda darhol sport tadbirlari, badantarbiya mashg‘ulotlari, mashg‘ulotlar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari bekor qilinadi», deydi Otabek Eshmamatov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top