19:12 / 22.06.2020
12352
«Xususiy bandlik agentliklari endi pulni oldindan olmaydi» – Vazir bilan ishsizlikka qarshi choralar va yangi takliflar haqida intervyu

O‘zbekistonda pandemiya davrida ishsizlik darajasi 9,3 foizdan 14-15 foizga, ishsizlar soni esa 1,4 milliondan 2-2,5 milliongacha yetgan.

Kun.uz Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov bilan tizimdagi yangiliklar, pandemiya sharoitida ishsizlikka qarshi chora-tadbirlar, ishsizlikning real ko‘rsatkichlari haqida suhbat uyushtirdi.

– Nozim Baxtiyorovich, yaqinda O‘zbekistonda ishsizlar soni 2 millionga yaqinlashgani haqida aytgandingiz. Bu raqam o‘zgarmadimi? Umuman, ishsizlik qanday ko‘rsatkichlar bo‘yicha va qanday davriylikda o‘rganib boriladi?

– Oldin berilgan ma'lumotlarni tasdiqlayman. Joriy yil boshida ishsizlar soni 1,4 million nafar atrofida edi. Shundan keyin pandemiya ta'sirida ayrim korxonalar faoliyatini to‘xtagani sababli ishsizlar soni 2 million nafarga yaqinlashdi. Bundan tashqari, xorijdagi ishiga bora olmayotgan 500 ming nafarga yaqin fuqarolarimiz ham bor.

Bu ko‘rsatkich odatda foizlarda ifoda qilinadi. O‘zbekistonda pandemiyaga qadar ishsizlik ko‘rsatkichi 9,3 foiz bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytdagi hozircha taxminiy va birlamchi hisob-kitoblarimizga ko‘ra bu ko‘rsatkich 14-15 foizga yetdi. Ya'ni,

5-6 foizgacha o‘sish kuzatildi. Lekin ikkinchi tomonidan bugungi kunda «yashil» hududlardagi korxonalar asta-sekin faoliyatini tiklamoqda va bu ijobiy natija bermoqda.

Xalqaro Mehnat tashkiloti metodikasi bo‘yicha ishsizlik har chorak yakunlariga ko‘ra hisob-kitob qilinadi. Vazirligimiz qoshida maxsus ilmiy markaz buni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Joylarda maxsus uslub va formulalar qo‘llangan holda mahallalar, tadbirkorlik sub'yektlarida maxsus so‘rovnomalar to‘ldirish orqali aniqlanadi. Bu xalqaro tajribalarga asoslangan.

Nozim Husanov 

– Shu o‘rinda ayrim atamalarga aniqlik kiritib olsak: qanday fuqarolar ishsiz deb hisoblanadi, ya'ni buning uchun qanday mezonlarga suyaniladi?

– Ayni paytda biror joyda rasman ro‘yxatdan o‘tib ishlamayotgan fuqaro bizning har bir hududlarda faoliyat yuritayotgan Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarimizga murojaat qilishlari kerak. Biz murojaatchiga bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilamiz. Agar murojaatchiga mos ish topilmasa u shu ondayoq ishsiz sifatida belgilanmaydi. Avval unga bepul tarzda kasb-hunar o‘rgatishga harakat qilamiz. Ana shundan keyingina uning bazaviy bilimiga, sohasiga mos ish hududda topilmasa va boshqa qator mezonlarga mos kelsagina ishsiz deb topiladi hamda ishsizlik nafaqasi belgilanadi.

– Davlat rahbari ishtirokidagi oxirgi selektorlarda asosiy mavzulardan biri kambag‘allikni bartaraf qilish bo‘lmoqda. Fikringizcha, pandemiya davrida, iqtisodda susayish yaqqol sezilib turgan bir paytda kambag‘allik muammosi keskinligini tan olib, bunga qarshi kurashishga kirishishga nima turtki bo‘ldi?

– Davlat rahbarining shu yilning 24 yanvardagi Murojaatnomasida kambag‘allik atamasi ilk bor tilga olinganini tarixiy voqea deb hisoblayman. Bu muammoni bartaraf etish uchun yetarli imkoniyatlarimiz bor. Ko‘plab davlatlar tajribasi o‘rganildi, davlat rahbari buning uchun mehnatga o‘rgatish, ishlashga imkoniyat yaratish zarurligini ta'kidladi.

Prezident tomonidan ajratilgan mablag‘lar bilan biz qishloq joylarda tomorqa, chorvachilikni rivojlantirishga harakat qilyapmiz. Bunda oz mablag‘ bilan yuqori samara olish mumkin, chunki bu ko‘pchilikning ota-bobosining kasbi. Suv yetishmaydigan joylarga nasoslar o‘rnatib berdik, xo‘jaliklarini rivojlantirib olishlari uchun subsidiyalar ajratdik. To‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘ berish faqat vaqtincha chora hisoblanadi. Bu dasturlar esa ishlab daromad olish imkoniyatini yaratadi.

– So‘nggi paytda tomorqa va uyda chorvachilik kabi yo‘nalishlar bilan shug‘ullanganlarga BHM (Bazaviy hisoblash miqdori)ning bir baravari evaziga yillik stajli bo‘lish tavsiya qilinmoqda. Ammo bu tavsiya keyinchalik majburiyatga aylanishi va shu tarzda ishsizlikka qarshi kurashish bo‘yicha ham taxminlar bor. Bularga qanday qaraysiz?

– Bu majburiyat emas, imkoniyat. Masalan, oldin repetitor, santexnik, duradgor kabi kasb egalari norasmiy ishlab kelishgan, rasman ro‘yxatdan o‘tganlaridan keyin esa yiliga BHMning 4,5 barobar miqdorida to‘lov belgilangan edi. Shu yildan o‘zini-o‘zi band qiluvchilar ro‘yxati 24tadan 67taga yetkazildi va ularning to‘lovlari 2020 yil uchun BHMning 50 foizi etib belgilandi. Endi onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tib, to‘lovlarni to‘lab yursa fuqaro uchun staj yoziladi va o‘z-o‘zidan nafaqaga chiqishda bu hisobga olinadi.

– O‘zbekistonda migratsiya jarayoni juda kuchli. Murakkab vaziyatga tushgan xorijdagi yurtdoshlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri moddiy ko‘mak berish masalasi muhokama qilinyaptimi? Xorijdan qaytgan lekin rasman ishsizlar ro‘yxatida turmagan fuqarolarga ko‘mak beruvchi biror dastur rejalashtirilganmi?

– Vazirligimiz qoshida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mavjud. Bu agentlik migrantlarimizga har tomonlama ko‘mak berishga mo‘ljallangan. Milliy komissiya yig‘ilishida bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tildi. 2019 yilda xorijdagi 3,5 mingdan ziyod fuqarolarimizga huquqiy ko‘mak berdik va o‘tgan yili yurtdoshlarimizning qariyb 600 ming dollar haqlarini undirib berishga muvaffaq bo‘ldik.

Agentlikning turli davlatlarda vakolatxonalari ishlab turibdi. Rossiya Federatsiyasida mavjud vakolatxonalaridan tashqari yana 6ta vakolatxona ochishni rejalashtiryapmiz. Xorijdan qaytgan yoki bora olmayotgan fuqarolarimiz bo‘limlarimizga murojaat qilib, o‘zlariga mos ish qidirishlari yoki maxsus kurslarda hunar o‘rganishlari mumkin.

Bugungi kunda aholi bandligini ta'minlashda foydalanilayotgan barcha mexanizmlar orqali, bunda birinchi navbatda xorijiy davlatlardan qaytgan yoki keta olmagan fuqarolarimizga amaliy yordam berish ko‘zda tutilgan.

– 2020 yilda xususiy bandlik agentliklari tomonidan ko‘plab firibgarliklar kuzatildi. Shu kunlarda bunday voqealarni eshitmayapmiz. Muammo qanday qilib bartaraf etildi?

– Xususiy bandlik agentliklari biz uchun yangi yo‘nalish, tadbirkorlikning yangi turi edi. Buni takomillashtirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish yuzasidan takliflarimizni berganmiz. Yaqinda qabul qilinishini kutyapmiz. Undagi asosiy o‘zgarish shundan iborat bo‘ladiki, xususiy bandlik agentliklari endi xorijga ishga jo‘natganliklari uchun xizmat haqini oldindan olmaydi, balki ishga jo‘natib, joylashtirganlaridan so‘ng ishchining oylik maoshi hisobiga ish beruvchi tomonidan to‘lanadi.

– Aholi bandligini ta'minlash uchun 2020 yilda tizimga 460 mlrd so‘m mablag‘ mo‘ljallangani, pandemiya sababli yana 250 mlrd so‘m ajratilayotgani, zarurat bo‘lsa bu mablag‘ yana oshirilishi mumkinligini aytgansiz. Bu yo‘nalishda qanday ishlar amalga oshirilayotgani va mablag‘lar manbasi haqida ham aytib bersangiz.

– Davlat rahbari ajratib bergan bu mablag‘lar aholi bandligini ta'minlashga yo‘naltiriladi. Shu yil 700 mingga yaqin yigit va qizlarimiz o‘rta maktablar, kollejlar va litseylarni bitirishmoqda. Albatta, ularning ma'lum bir qismi oliy ta'lim muassasalariga qabul qilinadi, lekin ko‘pchiligi mehnat bozoriga kirishadi. Harbiy xizmatdan qaytgan yoshlar bor, ularning ham bandligini ta'minlashimiz kerak.

Bu borada prezidentimiz tomonidan vazirlik huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga qo‘shimcha 200 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgani ushbu yoshlar bandligini ta'minlashda qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratadi.

Shu o‘rinda, jamoat ishlariga ilgari 8ta yo‘nalishda ishlagan bo‘lsak, karantin davrida noan'anaviy va nostandart jamoat ishlari turlarini joriy etgan holda 16ta yo‘nalishlarni qamrab oldik.

Masalan, faoliyati to‘xtab qolgan tibbiy muassasalar xodimlarini yoki tibbiyot kolleji bitiruvchilarini dezinfeksiya ishlariga jalb qildik va shu yo‘l bilan

10 mingdan ortiq kishi ish bilan ta'minlandi. Ko‘chma savdo nuqtalarida, hududlarda tartib-intizomga mas'ul idoralarga yordamchi sifatida ham ko‘pchilik band bo‘ldi. Aniq raqamlarda aytadigan bo‘lsak, birgina jamoat ishlariga jalb qilish orqali 5 oyda 268 ming nafar fuqaroning bandligi ta'minlangan bo‘lsa, shundan 240 ming nafari pandemiya davriga to‘g‘ri keladi.

Mablag‘lar manbasiga kelsak, ular maxsus tuzilgan inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi tomonidan taqdim etilmoqda. Davlat rahbari bu yo‘nalishda ishlarni davom ettirilishi, zarur bo‘lsa yana mablag‘ ajratilishini bildirgan. 

Suhbatning to‘liq shaklini video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Abror Zohidov suhbatlashdi,
tasvirchi Otaxon Yusupov.

Top