11:38 / 25.06.2020
2010
Yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibi belgilandi

Qaror bilan strategik turdagi foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqini beradigan litsenziya qator maqsadlar uchun berilishi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi 403-sonli “Yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibi belgilandi.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi xabariga ko‘ra, ushbu qaror bilan strategik turdagi foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqini beradigan litsenziya quyidagi maqsadlar uchun berilishi belgilangan:

geologik jihatdan o‘rganish;

foydali qazilmalarni kavlab olish;

texnogen mineral hosilalardan foydalanish;

foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini qurish hamda ulardan foydalanish;

muhofaza etiladigan geologik obektlarni barpo etish;

nodir tosh xomashyosi namunalarini, paleontologik qoldiqlarni va boshqa geologik kolleksiyabop materiallarni to‘plash.

Yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar:

geologik o‘rganish, foydali qazilmalarni qazib olish, texnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun auksion natijalari ko‘ra;

foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini qurish, shu jumladan, chiqindilarni saqlash va ko‘mib tashlash maqsadida, muhofaza etiladigan geologik obektlarni barpo etish, nodir tosh xomashyosi namunalarini, paleontologik qoldiqlarni va boshqa geologik kolleksiyabop materiallarni to‘plash to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijalariga ko‘ra “birinchi topshirilgan buyurtma” qoidalariga binoan buyurtmanomalarni ko‘rib chiqish yo‘li bilan berilishi belgilangan.

Strategik turdagi foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar quyidagi hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida berilishi belgilangan:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda ular tomonidan tasdiqlangan “yo‘l xaritalari”ga muvofiq;

yagona elektron savdo maydonchasida o‘tkaziladigan auksionlarda bir yil davomida o‘tkazilmagan deb topilgan taqdirda;

yer qa'rini geologik o‘rganishga doir ishlarni moliyalashtirgan yuridik shaxsga foydali qazilmalarni qazib olishga mutlaq huquq boshqa shaxsga (to‘liq yoki qisman) berilgan taqdirda;

uglevodorod xomashyosi va strategik turdagi foydali qazilmalarning tijorat salohiyatga ega alohida obektlari bo‘yicha, shuningdek, alohida bitimlar doirasida Vazirlar Mahkamasining “Yer qa'ridan foydalanish shartlarini ishlab chiqish bo‘yicha davlat komissiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yili 12 dekabrdagi 989-son qarori bilan tasdiqlangan Yer qa'ridan foydalanish shartlarini ishlab chiqish bo‘yicha Davlat komissiyasi bilan hamkorlikda tanlov savdolari asosida eng yaxshi takliflarni tanlash orqali.

Yer qa'ridan foydalanish muddatlari “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq quyidagicha belgilangan:

 

geologik jihatdan o‘rganishga – besh yilgacha muddatga;

foydali qazilmalarni kavlab olish va texnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun – foydali qazilma konini yoki texnogen mineral hosilalarni ishga solishning texnik-iqtisodiy asoslarda belgilangan muddatiga;

nodir tosh xomashyosi namunalarini, paleontologik qoldiqlarni va boshqa geologik kolleksiyabop materiallarni to‘plash uchun – ikki yilgacha muddatga;

foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini qurish va ulardan foydalanish, shu jumladan, neft, gaz, gaz kondensati, boshqa moddalar va materiallarni yer ostida saqlash, chiqindilarni saqlash va ko‘mib tashlash uchun – muddatsiz foydalanishga;

muhofaza etiladigan geologiya obektlarini barpo etish uchun – muddatsiz foydalanishga beriladi.

 

Yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qo‘yishning boshlang‘ich narxi quyidagicha belgilangan:

 

geologik qidiruv ishlari uchun – “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda aniqlangan imzoli bonus stavkasi miqdorida;

foydali qazilmalarni qazib olish va texnogen mineral hosilalardan foydalanganlik uchun – “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda aniqlangan tijoratbop topilma bonusi stavkasi miqdorida.

 

Strategik turdagi foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berishning muddati:

 

elektron-onlayn auksion yakunlari bo‘yicha 12 kun;

to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali 20 kun etib belgilangan.

 

Qarorda belgilangan chora-tadbirlar quyidagilarga imkon beradi:

 

birinchidan – strategik turdagi foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalarni berishda shaffoflikni ta'minlash, arizalarni ko‘rib chiqishni tezlashtirish va “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida kim oshdi savdosi natijalari asosida berishga;

ikkinchidan – xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning strategik turdagi foydali qazilmalar konlarini o‘zlashtirish va rivojlantirishga qiziqishini oshirishga;

uchinchidan – mahalliy xomashyo negizida sanoat ishlab chiqarishni tashkil etishni jadallashtirish va hududlarning kompleks rivojlanishiga hissa qo‘shishga;

to‘rtinchidan – respublikaning chekka hududlarida yangi ish o‘rinlarini yaratishga.

Top