08:30 / 26.06.2020
3873
Paxtani yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilar kooperatsiya asosida birlashishi mumkin

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 22.06.2020 yildagi “Paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlash kooperatsiyalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 398-son qaror qabul qilindi.

Prezidentning 06.03.2020 yildagi PQ-4633-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarish doirasida Fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy birlashishi asosida paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlash kooperatsiyalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
 
Norma xabariga ko‘ra, kooperatsiyaga paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkil etilmagan hududlardagi fermerlar – paxta xomashyosi yetishtiruvchilar, paxta tozalash korxonalari va paxta eksport qiluvchi korxonalar ixtiyoriy ravishda a'zo bo‘ladi.
 
Hukumatning tegishli qarorlarida paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlariga belgilangan imtiyozlar kooperatsiyalar uchun ham tatbiq etiladi.
 
Hujjatga muvofiq:

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda paxta tozalash korxonalarining ishlab chiqarish faoliyatida foydalanilmayotgan bo‘sh yer maydonlarini mahalliy davlat hokimiyati organlarining zaxirasiga o‘tkazilishini ta'minlaydi;

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimlari kooperatsiyalar va paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash mahsulotlari hamda boshqa moddiy-texnika resurslari bilan ta'minlash chora-tadbirlarini ko‘radi;

kooperatsiyalar paxtani qabul qilib olish, saralash, saqlash, qayta ishlash va tayyor mahsulotni eksport qilish bo‘yicha samarali ish yuritish tizimini joriy qiladi.
 
Hujjat 23.06.2020 yildan kuchga kirdi.

Top