15:51 / 29.06.2020
30610
Toshkent shahar bosh imom-xatibi - nikoh, mahr va taloq masalalari haqida

Toshkent shahri bosh imom-xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov oilaviy ajrimlar masalasiga bag‘ishlab Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida o‘tkazilgan anjumanda oila munosabatlarining diniy hukmlari haqida ma'lumot berdi.

Foto : KUN.UZ /arxiv

Taloq haqida

— Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan rivoyat qilinadi: Iblis alayhila'na har kuni suvga tushib, suv orqali insonlarning tanasiga o‘z askarlari, shotirlarini yomonlik qilish uchun yuboradi. Kechqurun yana askarlarini yig‘ib, nima badbaxtlik qilding, qanday gunohlarga sababchi bo‘lding, deb hisob so‘rarkan.

Shaytonlarning biri «qotillikka sabab bo‘ldim», biri «odamni o‘g‘rilikka boshladim», deb aytib chiqsa, Iblis «hech narsa qilmabsan», deb javob berarkan. Shunda bir chekkada turgan shaytonvachchadan «sen nima karomat ko‘rsatding», deb so‘rasa, u «men er-xotinning orasiga tushdim, erning og‘zidan taloq chiqmaguncha, ularni tark qilmadim», deb javob beradi. Iblis buni eshitib, «sen qanday ham yaxshisan», deb maqtab, uning boshiga toj kiydirarkan.

Ulamolar bu hadisni sharhlab, hamma eng yomon jinoyatlar – qotillik, o‘g‘rilik, zino ham oilaning judo bo‘lishi, taloq natijasida kelib chiqadi, deyishadi.

Oilada ajralmasdan boshqa iloj bo‘lmay qolishi, ajrim eng oxirgi chora bo‘lishi mumkin. Ajrimni mutlaqo taqiqlab qo‘ysa, oila xiyonat bilan yashashga majbur bo‘ladi. Shuni inobatga olgan holda Islomda ajrimga ruxsat berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallam: «Alloh o‘zi ruxsat berib, halol qilgan narsalar ichida o‘zi eng yomon ko‘radigani taloqdir», deydilar. Taloq hech iloji qolmagandagina qo‘yiladi.

Mir Arab madrasasida uzoq yil mudirlik qilgan ustozim Muxtorjon domla bizga shunday o‘rgatganlar: agar bir oila sizga ajrim, taloq masalasida murojaat qilsa, bu holatda oilani yarashtirishga ruxsat yo‘q deb kitobning 99 joyida aytilgan bo‘lsa-yu, bitta joyda yarashishga ruxsat bor, deyilgan bo‘lsa, mana shu bittani oling va oilani yarashtiring.

Nikoh masalasi

— Nikoh – muqaddas ibodat. Afsuski, oxirgi vaqtda nikohga panja orasidan qaraladigan bo‘lib qoldi. Unga odatiy, kunlik marosimdek munosabatda bo‘lishadi. Hamma narsaga vaqt topishadi – o‘yin-kulgiga, mashinalarni qatorlatib «ZAGS»ga borishga ham vaqt topishadi. Lekin nikohga kelganda, «10 daqiqa vaqtimiz bor, tezgina o‘qib bering», deyishadi.

Nikoh o‘qishga borsak, kelin-kuyovni ostonaga o‘tkazib qo‘yishadi, hamma qarab turadi. Eng muqaddas rishta ostonada bog‘lanmaydi. Kelin-kuyovni hurmat bilan ichkariga o‘tkazishsin, biz ularga pand-u nasihatlarimizni qilaylik.

Kelin butun umrini baxshida qilib, ota-onasining izmidan chiqib, erining izmiga kiradi. Kuyov qizni omonat o‘laroq qabul qiladi. Boqishi, o‘qitishi, kasal bo‘lsa davolatishi, hamma mas'uliyatni o‘z bo‘yniga olishi kerak. Biz shuni nikoh o‘qish chog‘ida tushuntirishimiz, er-xotinning bir-birining oldidagi burch va vazifalarini o‘rgatishimiz kerak.

Mahr

Nikohning shartlaridan biri – mahr. Bugun kim mahrni so‘rayapti? Farzandlarimizni uylantiryapmiz, lekin mahr masalasini eslatyapmizmi? «Ota-ona sifatida to‘yingni o‘tkazib beraylik, lekin kelin uchun mahrni o‘zing ol», deb aytyapmizmi?

Kuyov arava yetaklab bo‘lsa ham, mardikorlik qilib bo‘lsa ham mahrni peshana teri bilan o‘zi olishi kerak. Biz to‘yni ham o‘zimiz o‘tkazib beramiz, mahrni ham o‘zimiz olib beramiz, shuning uchun kuyov kelinning qadriga yetmayapti.

Kelinning mahri – qiyomatlik masala. Oila ajrashib ketgan taqdirda ham mahr ayolning o‘zida qolishi kerak.

Erkakning janozasini o‘qishdan avval ayolidan mahri ado qilingan-qilinmagani so‘raladi. Shu paytda ko‘pchilik ayollar bilmay turib «mahrdan kechib yubordim», deyishadi. Mahr kechib yuboriladigan narsa emas. Aslida mahrimni ado qilgan, deb javob berishi kerak. Agar ado qilmay vafot etsagina kechmay iloji yo‘q.

Sovchilik

— Islom dinida yigitning o‘zi birovning xonadoniga qizni so‘rab borishi, ota: «Qizimni sizga bermoqchiman, qabul qilasizmi», deb yigitdan so‘rashiga ham ruxsat bor.

O‘zbekistonda esa sovchilik degan go‘zal an'ana bor. Lekin hech kim shu paytgacha sovchilikning ham o‘z ko‘rsatmalari bormi, deb so‘ramagan. Dinda sovchilikning ham o‘z ko‘rsatmalari bor va ular bugun buzilyapti.

Rasululloh: «Birodaringiz bir xonadonga sovchilikka borganda, ularning ishi hal bo‘lmay turib, oraga suqilmanglar», deganlar. Lekin bunga kim amal qilyapti? Xonadonda birov sovchi bo‘lib turganini bilsak ham, kirib boramiz. Eng yomoni, avvalgi sovchini yomonlaymiz ham. Bu sunnatning buzilishi demakdir.

Yana aytadilarki, eng yomon gunohlarning orasida shirk, kufr, odam o‘ldirish, yetim haqqini yeyish qatorida yolg‘on guvohlik berish ham bor. Ming afsuski, sovchi onaxonlar 90 foiz holatda yolg‘on guvohlik berishadi. Arslonning ovqatini olib chiqadigan bolani qo‘yning og‘zidan cho‘p olmagandek maqtashadi.

Ba'zida ziyoli oilalarda qizning turmushi buzilsa, otadan «qanday qilib shu giyohvandga qizingizni berdingiz», deb so‘rayman. Ota: «Hoji, kayvoni onaxonlar sovchi bo‘lib kelib, Xudoni o‘rtaga qo‘yib, maqtashsa, ishonibman», deb afsus bilan javob beradi. Sovchilikka borganda to‘g‘risini aytish kerak, kuyovning xarakterini ro‘y-rost aytish kerak.

Kelinning sepi

— Qizlarga moddiy sep yig‘ishga emas, ma'naviyat-ma'rifat sepi yig‘ish kerakligini o‘rgatishimiz kerak.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Fotima onamizga qanday sep qilganlar? Kuyovlari Ali raziyallohu anhuning o‘zlari aytdilar: Fotima onamizga ichiga xurmo bargi to‘ldirilgan ikkita yostiq, qo‘lda aylantiriladigan tegirmon, bitta suv idish sep qilib berilgan.

Sep qilish uchun Payg‘ambar kambag‘almidilar? Aslo. Ular eng badavlat zot edilar, sahobalardan biriga aytsalar, Fotima onamizning oyoqlariga tillolarni sochgan bo‘lishardi. Lekin Rasululloh shunday bir sep qildilarki, biz bugun butun insoniyat birlashib ham bu sepni qila olmayapmiz. Bu – ma'naviyat, ma'rifat sepi edi. Qizlar shu sep bilan kelinlik xonadoniga borsa, oila mustahkam bo‘ladi.

Top