11:08 / 30.06.2020
7827

Nyu-York gubernatori Trampdan niqob taqib yurishni talab qildi

Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo AQSh prezidenti Donald Trampni niqob taqib yurishga va barcha amerikaliklardan jamoat joylarida niqob taqib yurishni talab qiluvchi farmoyishni imzolashga chaqirdi. Avvalroq Kuomo shtatda niqob taqib yurish shart qilingan farmonni imzolagandi. 

Foto: AFP/Getty Images

The Guardian nashrining xabar berishicha, Kuomo omma oldida niqob taqishdan bosh tortayotgan Trampdan shaxsiy o‘rnak ko‘rsatishni va koronavirus tarqalishini to‘xtatish uchun niqob taqib yurishni talab qilgan. 

“Biz buni shtatimizda ikki oy avval qilganmiz”, deb aytgan Kuomo va dastlab shifokorlar tavsiyalariga quloq solmay, niqob taqishga qarshi chiqqan boshqa shtatlar gubernatorlari hozirda aholidan ularni taqishni talab qilayotganlarini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Oq uy rasmiy vakili Keyli Makinani AQSh prezidenti niqob taqishni “har bir amerikalikning shaxsiy ishi” deb hisoblashini hamda yuqori lavozimli siyosatchilar va xorijiy yetakchilar bilan suhbatda niqobda bo‘la olmasligini aytganini ma'lum qilgan. 

Oq uy rahbari omma oldida muntazam niqobda paydo bo‘ladigan AQSh vitse-prezidenti Mayk Pensdan farqli, o‘z saylovoldi kampaniyasi doirasida shtatlarga va korxonalarga tashrifi vaqtida niqob taqishdan namoyishkorona bosh tortmoqda.

Bu orada Kanzas shtati gubernator Lora Kelli aholidan jamoat joylarida niqob taqishni talab qiluvchi farmoyishni imzolagan. 3 iyuldan kuchga kiradigan hujjatga ko‘ra, do‘konlarda hamda 6 futlik (1,83 metr) ijtimoiy masofaga rioya qilish imkoni bo‘lmagan har qanday joyda niqob taqish shart hisoblanadi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top