22:36 / 03.07.2020
37833
Elmira Bositxonova Sog‘liqni saqlash vazirligiga qaytdi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosariga aylandi.

Prezidentning 3 iyuldagi tegishli qaroriga asosan Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimiga Elmira Erkinovna Bositxonova tayinlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

Elmira Bositxonova 1958 yilda tug‘ilgan, 1981 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutining «davolash ishi» yo‘nalishini tamomlagan, tibbiyot fanlari doktori. Faoliyatini Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasida boshlagan, 1981-2011 yillarda shifokor-intern, anesteziolog-reanimatolog, bo‘lim boshlig‘i, Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi bosh shifokori.

2011-2016 yillarda Bosh vazir o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan, keyin Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan Elmira Bositxonova 2019 yilning yozida yana hukumat a'zoligiga qaytarilgan, 2020 yilning yanvarida lavozimga qayta tasdiqlangandi.

U 2020 yil fevralidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Shuningdek, keyinroq Ulug‘bek Sobirov va Shohrux Shorahmetov ham sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Bundan tashqari, DSQ raisi o‘rinbosari sog‘liqni saqlash vaziriga o‘rinbosar bo‘ldi.

 

Top