23:16 / 08.07.2020
24536
Navoiy viloyatida koronavirusdan ikkinchi o‘lim ro‘y berdi

Navoiyda 30 iyun kuni koronavirusdan zararlanish holati tasdiqlangan 52 yoshli bemor 8 iyul kuni olamdan o‘tdi. Bu Navoiy viloyatida koronavirus tufayli qayd etilgan ikkinchi o‘lim holati bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus infeksiyasiga chalingan navoiylik bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani to‘g‘risida xabar berdi.

«Navoiy shahrida yashovchi 52 yoshli B.A. (erkak) joriy yil 30 iyun kuni tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga Covid-19 infeksiyasiga gumon bilan olib kelingan.

Unga Covid-19, ikki tomonlama bronxopnevmoniyaning o‘ta og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligining 3-4-darajasi, o‘tkir bosh miya va o‘pka shishi asoratlari bilan kechgan.

Bemor bundan avval gipertoniya kasalligining 3-darajasi, arterial gipertenziya, semizlikning 4-darajasi tashxisi bilan davolanib yurgan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni shifokorlar tavsiyasi asosida olib borilgan. 

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, o‘tkir bosh miya va o‘pka shishi oqibatida vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bugun O‘zbekistonda koronavirus tufayli yana 4 o‘lim holati qayd etildi va jami qurbonlar soni 44taga yetdi.

Pandemiya davrida shu vaqtgacha Toshkentda 26, Namanganda 4, Samarqandda 3, Buxoro, Surxondaryo va Jizzaxda 2tadan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Navoiy va Qoraqalpog‘istonda bittadan o‘lim ro‘y bergandi.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda 6 iyul kuni Navoiyda koronavirus bemorlaridan biri vafot etgani haqida xabar tarqaldi. Bu xabar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 7 iyul kuni kechqurun tasdiqlandi.

Top