13:41 / 08.07.2020
4509

Serbiya poytaxtida komendantlik soati e'lon qilinishi tartibsizliklarga olib keldi 

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sababli poytaxt Belgradda komendantlik soati kiritilishini e'lon qildi. Biroq aholi bunga qarshi chiqib, norozilik bildirgan.    

Foto: Reuters

Ta'kidlanishicha, Belgradda 10 iyuldan 13 iyulgacha komendantlik soati joriy qilinadi. Prezident uni butun mamlakat bo‘ylab joriy qilmoqchi bo‘lganini, biroq bu borada hukumat va inqiroz shtabi bilan maslahatlashishini aytgan.  

Shuningdek, shaharda 8 iyuldan 5 kishidan ko‘proq bo‘lib yig‘ilishga taqiqlov kiritiladi. Bu Belgraddagi epidemiologik vaziyat mahalliy hokimiyatni tashvishlantirayotgani bilan bog‘langan.  

Vuchich Serbiya koronavirusning yangi to‘lqiniga tayyorlanayotgani, shu sababli virusga chalinganlar uchun ikkita yirik shifoxona qurishga qaror qilinganini ma'lum qilgan. Shuningdek, aholiga zaruratga ko‘ra turli joylarda o‘rnatiladigan 10 ta modul shifoxona xizmat ko‘rsatadi.

Hukumatning komendantlik soati kiritish qarori Belgradda ommaviy tartibsizliklarga olib kelgan. Norozilar politsiya kordonlariga hujum qilib, parlament binosiga bostirib kirgan, biroq ko‘p o‘tmay u yerdan siqib chiqarilgan. Ular, shuningdek, bir nechta politsiya mashinasiga o‘t qo‘yishgan. Bunga javoban politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zni yoshlatuvchi gaz qo‘llagan. 

Serbiya politsiyasi boshlig‘i Vladimir Rebichning ma'lum qilishicha, bir necha namoyishchi qo‘lga olingan. Shuningdek, politsiya orasida kamida 43 kishi jarohatlangan. U noroziliklarga aloqadorlar shaxsi o‘rnatilayotgani, ularning barchasi javobgarlikka tortilishini ta'kidlab o‘tgan. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Serbiyada jami virusga chalinganlar 16 mingdan ko‘proqni, undan vafot etganlar 330 nafarni tashkil qilmoqda. Mamlakatda virusga chalinish holatlari ko‘payishi iyun oxiridan qayd qilina boshlangan. 22 iyunda mamlakatda 102 ta yangi kasallanish holati qayd qilingan bo‘lsa, 1 iyulga kelib bu ko‘rsatkich 359 tani tashkil qilgan. So‘nggi sutkada kasallanganlar 299 nafarga ko‘paygan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top