Jahon | 14:09
553
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Serbiya kompaniyasiga RF ulushini sotish bo‘yicha muzokaralar uchun muddat berdi

AQSh hokimiyati Serbiyaning neft qayta ishlash kompaniyasi NIS’ga Rossiyaga tegishli ulushni sotish bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun 2026 yil 24 martgacha muhlat berdi. Biroq kompaniyaga neft sotib olish va uni qayta ishlashga ruxsat beradigan litsenziya taqdim etilmadi.

Foto: Getty images

AQSh Serbiyada neftni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi NIS kompaniyasiga rossiyalik egalariga tegishli ulushni sotish bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun 2026 yil 24 martgacha vaqt berdi. Bu haqda Serbiya davlat telekompaniyasi Rs 24 dekabr, chorshanba kuni xabar qildi.

Shu bilan birga, xabarda ta’kidlanishicha, NIS kompaniyasiga xom neft sotib olish va qayta ishlash imkonini beradigan operatsion litsenziya berilmagan. AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlar nazorati boshqarmasi (OFAC) 2025 yil oktyabr oyida NIS’ga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan. Bu choralar Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan tajovuzi fonida RF energetika sektorini nishonga olgan kengroq sanksiyalar paketi doirasida qabul qilingan.

Ushbu sanksiyalar Xorvatiya orqali o‘tadigan JANAF quvuri bo‘yicha neft yetkazib berishning to‘xtashiga va Panchevo shahridagi neft qayta ishlash zavodida ishlab chiqarishning to‘xtatilishiga olib kelgan.

Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi NIS aksiyalarining 11,3 foiziga, sanksiyalar ostidagi neft bo‘linmasi — “Gazprom neft” esa 44,9 foiziga egalik qiladi. Serbiya hukumatiga 29,9 foiz tegishli, qolgan ulush esa mayda aksionerlar va kompaniya xodimlari qo‘lida.

Serbiya prezidenti Aleksandar Vuchich seshanba kuni “Gazprom” Vengriyaning MOL kompaniyasi bilan NIS’dagi nazorat paketini ehtimoliy sotish bo‘yicha muzokara olib borayotganini aytgan.

Mavzuga oid