00:51 / 09.07.2020
18169
«Aholini ish bilan ta'minlash borasida prezident besh yo‘nalishni belgilab berdi» - Mehnat vaziri

Bugun O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda budjet tushumlarini so‘zsiz ta'minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Videoselektorda ko‘tarilgan masalalar haqida gapirar ekan, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov yurtimizda ishsizlikni kamaytirish borasida o‘rtaga tashlangan takliflar va prezident tomonidan belgilab berilgan vazifalarga to‘xtaldi.

«Bugun bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida prezidentimiz tomonidan aholi bandligining ta'minlash bo‘yicha bir necha topshiriqlarni sanab o‘tdi. Jumladan, eng asosiy talab — karantin davrida yashash va ishlashni o‘rganishimiz kerakligi. Bu har bir hududning hokimlari oldiga qo‘yilgan talab.

Ikkinchi talab — aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha yangi ish o‘rinlari yaratish eng dolzarb masala bo‘lib qolib qolmoqda.

So‘nggi ikki oy mobaynida chet elda mehnat muhojirligida bo‘lgan fuqarolarimizdan 70 mingdan ortig‘i yurtimizga qaytarildi. Ularning bandligini ta'minlash ham hozirgi kunda dolzarb masala bo‘lib turibdi.

Shu bilan birgalikda, asosiy masalalardan yana biri umumta'lim maktablari, litsey va kollejlarni bitirayotgan 650 mingdan ziyod yoshlarimizni ish bilan ta'minlash masalasi ko‘ndalang bo‘lib turibdi», — dedi Mehnat vaziri.

Aholini qay yo‘sinda ish bilan ta'minlash borasida prezident beshta muhim yo‘nalishni belgilab berganini aytar ekan, ishlar qay tarzda olib borilishi haqida gapirib berdi.

«Birinchisi — tadbirkorlikni rivojlantirish, ularga yordam berish orqali ish o‘rnini yaratish. Nima qilsak ular rivojlanib, yangi ish o‘rinlari yaratishga imkoniyat paydo bo‘ladi? Prezident mazkur talablarni bajarish uchun tadbirkorlarni o‘qitish, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kerakli dastgohlar olishi uchun qandaydir grantlar joriy qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

2019 yilda yangi yangi tashkil qilingan 23 mingdan ziyod yangi tadbirkorlik sub'yektlari bugungi kunda faoliyat olib bormayotgani ma'lum bo‘ldi. Mana shu tadbirkorlik sub'yektlarini hududlarda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganib chiqib, aniqlab, ularni ishga tushirish orqali ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ham topshiriq berildi.

Shu bilan birgalikda, bugungi kunda davlat tashkilotlariga tegishli 1032ta bino va inshootlar mavjud. Mana shu bino va inshshotlarni auksion orqali tadbirkorlarga sotish, ularning investitsiyasini jalb qilgan holda ish o‘rinlari yaratish topshirig‘i ham berildi.

Yana bir yo‘nalish — ijtimoiy soha obektlarida foydalanilmay yotgan yerlar bor. Tadbirkorlar bilan ularni nima muammolar qiynayotgani borasida suhbat qilganimizda, aksariyat hollarda ular resurs mablag‘idan, yoki yer, bino-inshoot masalasida yordam so‘rashgan, agar yordam berilsa, ish o‘rni yaratishda imkoniyatlari kengroq bo‘lishini doimo aytib kelishgan.

Ijtimoiy soha obektlardagi bo‘sh yer maydonlari, bino va inshootlarni tadbirkorlik sub'yektlariga ajratib, kichik sanoat zonalari tashkil qilgan holda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ham topshiriqlar oldik.

Prezidentning fuqarolar o‘zini-o‘zi band qilishiga doir qarorlari bo‘yicha gapiradigan bo‘lsak, bu ham muhim soha bo‘lib turibdi, juda katta imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Avval 24ta yo‘nalish bo‘yicha fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan bo‘lsa, hozir ro‘yxatda ularning soni 67taga yetdi. Avval fuqarolarimiz oyiga 650 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha patent to‘lab kelishgan bo‘lsa, 2020 yildan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida to‘lov to‘lab, o‘zini o‘zi band qilib, rasmiy ravishda ishlashlari mumkin.

Bugungi kunda 47 ming 300 nafar fuqarolarimiz o‘zini o‘zi band qilish sohasida ro‘yxatga olingan bo‘lsa, yil yakungacha yana 200 ming nafar fuqaroni shu yo‘sinda ish bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan», — dedi Nozim Husanov.

Top