23:19 / 09.07.2020
8649
Koreyaga ishga borgan o‘zbekistonliklardan birida koronavirus aniqlangan – Migratsiya agentligi

Koreya Respublikasining Kvangyang shahrida 34 yoshli O‘zbekiston fuqarosida yangi turdagi koronavirus infeksiyasini yuqtirish holati aniqlangan. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.

«2018 yildan buyon Kvangyang shahridagi «Doowon Corporation» korxonasida ishlab kelgan hamyurtimiz mehnat ta'tili vaqtida O‘zbekistonga kelib, joriy yilning 6 iyul kuni charter reys orqali Koreya Respublikasiga uchib ketgan edi. 

Joriy yilning 7 iyul kuni Inchxon xalqaro aeroportiga uchib borgan hamyurtimiz test topshirish uchun aeroportdan tibbiyot markaziga, shundan so‘ng o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish manziliga borgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvangju shahridagi vakolatxonasi va Kvangyang shahrining Sog‘liqni saqlash boshqarmasi nazoratida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi shifoxonaga yotqizilgan. Davolanishning taxminiy davri 10-14 kunni tashkil etadi», deyiladi agentlik rasmiy xabarida.

Koreya Respublikasidan ta'tilga kelgan 105 nafar o‘zbekistonlik uchta guruhga bo‘lingan holda charter reys orqali o‘zlari ishlayotgan mamlakatga jo‘nab ketishgan edi. Koreya Respublikasidagi epidemiologik vaziyat tufayli ishchi vizasiga ega fuqarolarning mamlakatga kirib borishida cheklovlar o‘rnatilgan bo‘lib, har bir charter reysda yo‘lovchilar soni 60 nafardan oshmasligi belgilangan.

O‘zbekistonliklar Koreyada o‘zi yoki ish beruvchisi hisobidan 14 kunlik majburiy karantin muddatini o‘tashadi. Shuningdek, Koreya Respublikasiga ishga ketishdan oldin O‘zbekistonda belgilangan tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari lozim.

Janubiy Koreyaning Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan fuqaroning rozilik bitimida ko‘rsatilgan o‘zini-o‘zi yakkalash joyi o‘rganiladi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, fuqarolar tomonidan o‘zini-o‘zi yakkalash joyi karantin qoidalariga to‘g‘ri kelgan taqdirda, ularga Koreya Respublikasiga kirish uchun ruxsat beriladi.

Ma'lumot uchun, ayni paytda 14 mingdan ortiq o‘zbekistonlik Koreya Respublikasida ishlamoqda.  

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top