01:20 / 10.07.2020
5337
Braziliyalik jurnalistlar ular oldida niqobini yechgan prezidentni sudga berishdi 

Braziliya jurnalistlari uyushmasi mamlakat prezidenti Jair Bolsonaru koronavirusga chalinganini e'lon qilgandan keyin matbuot vakillari oldida niqobini yechgani uchun uning ustidan oliy sudga shikoyat qildi.

Foto: Youtube /AFP

Jurnalistlar shikoyat arizasida prezidentni kamida ikkita jinoyatni sodir etishda ayblashgan: boshqa insonning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirish va yuqumli kasallik tarqalishi oldini ololmaslik. Uyushma o‘z shikoyatida jinoiy ish bo‘yicha tergov olib borishga asos bor-yo‘qligi bo‘yicha bosh prokuror devonxonasi qaror chiqarishi uchun uni devonxonaga topshirishni so‘ragan.

Koronavirusni rad etib kelgan Bolsonaru o‘zida koronavirus alomatlarini seza boshlagach unga tahlil topshirgan va tahlil natijasi musbat chiqqanini e'lon qilgan. Prezident bu haqida ma'lum qilish uchun jurnalistlar oldiga shaxsan o‘zi chiqqan. Matbuot vakillari bilan suhbat vaqtida prezidentning yuzida dastlab niqob bo‘lgan, biroq u o‘zini yaxshi his qilayotganini ko‘rsatish uchun orqaga ikki qadam tashlab yuzidagi niqobini yechgan.    

Ayni vaqtda Braziliya koronavirusga chalinish holatlari soni bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin 2-o‘rinni egallamoqda. Mamlakatda virusga chalinganlar soni 1,7 mlndan, uning qurbonlari soni 68 mingdan oshib ketgan.

 

Top