Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston va Braziliya qo‘shma loyihalarni ishga tushirishni muhokama qildi
Toshkent shahrida O‘zbekiston va Braziliya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Foto: TIV
Toshkentda O‘zbekiston va Braziliya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Maslahatlashuvlarga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov hamda Braziliya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Syuzan Klibenk boshchilik qildi.
Tadbirda, shuningdek, Braziliyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Serjio Rodriges dos Santos ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning joriy holati va ularni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Siyosiy muloqotning izchil rivojlanib borayotgani, tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasidagi muntazam aloqalar hamda parlamentlararo hamkorlikning kengayib borayotgani qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, tovar ayirboshlashni diversifikatsiya qilish hamda qo‘shma loyihalarni ishga tushirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Braziliya tomoniga qishloq xo‘jaligi, qayta tiklanuvchi energetika, sanoat va boshqa sohalarni qamrab olgan investitsiyaviy takliflar taqdim etildi.

Shuningdek, gumanitar hamkorlik yo‘nalishlari, jumladan, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, maktab o‘quvchilari va talabalarining xalqaro olimpiadalarda ishtirokini rag‘batlantirish, raqamlashtirish va innovatsiyalar sohasidagi loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar xalqaro va iqlim kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashib, BMT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston–Braziliya hamkorligini yanada chuqurlashtirish va erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish niyati qayd etildi.
Mavzuga oid
15:54 / 10.12.2025
Toshkentda Braziliyaning yangi elchisi faoliyatini boshladi
19:41 / 22.11.2025
Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaru hibsga olindi
19:19 / 13.11.2025
«Pulga to‘ymaysanlar». Amazoniya tub aholisi vakillari iqlim sammitiga bostirib kirishdi
11:57 / 30.10.2025