07:37 / 10.07.2020
2949
Serbiya poytaxtida noroziliklardan keyin komendantlik soati kiritilmaydigan bo‘ldi
Foto: REUTERS/Marko Djurica

Serbiyaning milliy inqiroz shtabi koronavirus tarqalishi oldini olish uchun Belgradda 10 iyuldan 13 iyulgacha komendantlik soati kiritishdan voz kechdi. Faqatgina ommaviy yig‘ilishlarga taqiqlov kiritiladi, deb xabar berdi mamlakat bosh vaziri Ana Brabich.

Avvalroq hukumatning komendantlik soati kiritish qarori noroziliklarga olib kelgandi.

“9 iyuldan vaziyat yaxshilangungacha 10 kishidan ko‘proq bo‘lib yopiq va ochiq joylarda yig‘ilish taqiqlanadi, yopiq joylarda 4 kvadrat metrga bir kishi tamoyili bo‘yicha odamlar soniga va obektlarning soat 21dan soat 6gacha ishlashiga cheklov kiritiladi”, deb aytgan bosh vazir. 

Avvalroq Serbiya mudofaa vaziri Aleksandr Vulin Belgradda o‘tgan norozilik namoyishlarini fuqarolik urushini boshlashga urinish deb atagan. Uning fikricha, namoyishlar o‘z-o‘zicha avj olmay, balki ularga oldindan tayyorgarlik ko‘rilgan. U tartibsizliklar ortida turganlarni javobgarlikka tortishga chaqirgan.    

Serbiyadagi noroziliklar mamlakat prezidenti Aleksandr Vuchich 7 iyulda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sababli poytaxtda komendantlik soati kiritilishini e'lon qilgandan keyin boshlangan. Ta'kidlanishicha, dastlab namoyishlar osoyishta ko‘rinishda o‘tgan, biroq keyinroq namoyishchilar parlament binosiga bostirib kirishga uringan va politsiya bilan to‘qnashuvlarga kirishgan.

7 iyuldan 8 iyulga o‘tar kechasi yuz bergan tartibsizliklarda kamida 43 politsiyachi va 17 namoyishchi jarohat olgan.

Top