02:18 / 12.07.2020
20029
O‘zbekistonda ta'limga iste'dodli pedagoglarni jalb qilish tizimi yo‘q - Jahon banki eksperti

Pedagog kasbi maqomini oshirish uchun o‘qituvchilarni ishga saralab olish mexanizmlarini qat'iy talablar asosida ishlab chiqish lozim, deydi Jahon bankining ta'lim bo‘yicha eksperti Nodira Meliboyeva.

Foto: LinkedIn

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijtimoiy sohada davlat dasturi ijrosi muhokamasiga bag‘ishlab qator sohalar mutaxassislari ishtirokida onlayn davra suhbati tashkil etdi. Unda Jahon bankining ta'lim bo‘yicha eksperti Nodira Meliboyeva ta'lim tizimida mavjud kamchiliklarga to‘xtaldi.

«Maktabgacha ta'lim tizimida bolaning rivojlanish ko‘rsatkichlari, umumiy ta'lim tizimida o‘qish sifatini baholash mexanizmining yo‘qligi sohada monitoring ishlarini olib borish imkonini bermaydi.

Ta'limga iste'dodli pedagoglarni jalb qilish va saqlab turish tizimi mavjud emas. Pedagog kasbi maqomini oshirish uchun o‘qituvchilarni ishga saralab olish mexanizmlarini qat'iy talablar asosida ishlab chiqish lozim.

Shuningdek, mamlakatda ilmiy tadqiqot ishlarining samaradorligi muammosi bor. Ilmiy ishlar sifati va ko‘lamini oshirish uchun bu borada davlat resurlarini taqsimlash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish kerak», – deya Nodira Meliboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: "Taraqqiyot strategiyasi" markazi

 Mutaxassis ta'lim tizimi tayyorlayotgan kadrlar va mehnat bozori talablari o‘rtasidagi nomuvofiqliklar haqida ham gapirdi.

«Ta'lim muassasalari bitiruvchilari egallagan bilim va ko‘nikmalar mamlakat mehnat bozorining mavjud talablariga to‘g‘ri kelmaydi.

Bu masalada iqtisodiyotning o‘sib borayotgan sektorlari va ish beruvchilarning talablaridan kelib chiqqan holda ish tashkil qilinishi lozim», – dedi Nodira Meliboyeva.

Foto: "Taraqqiyot strategiyasi" markazi
Top