Oliy ta'lim sifati ko‘p jihatdan ta'lim jarayonining asosiy ishtirokchilari bo‘lgan pedagog xodimlarning bilimi, ilmiy salohiyati, kasbiy mahoratiga bog‘liq. Bu esa ko‘p jihatdan oliy ta'lim muassasalaridagi pedagog xodimlar bo‘sh ish o‘rinlari ommaga ochiq e'lon qilinganiga, ishga olish jarayoni qay darajada ochiq, shaffof, xolis va sog‘lom raqobat asosida tashkil etilganiga bog‘liq.

Shu o‘rinda savollar tug‘iladi: hozirda mamlakatimizda oliy ta'lim sohasida bo‘sh ish o‘rinlariga pedagog xodimlarni jalb qilish amaliyoti qay ko‘rinishda? Bu borada qanday muammolar mavjud? Bu masalalarda ilg‘or davlatlar tajribasi qanday? Ulardan nimalarni o‘rganishimiz mumkin? Ushbu qisqacha tahlil orqali oliy ta'lim muassasalaridagi (OTM) bo‘sh ish o‘rinlariga pedagog xodimlarni jalb qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha fikr va takliflar bildirmoqchimiz. Ammo, avvalo...

Muammolar

Hozirda mamlakatimizda 110dan ortiq oliy ta'lim muassasalari faoliyat yuritmoqda. Shundan 90dan ortig‘i mahalliy oliy ta'lim muassasalari bo‘lib, bu ko‘rsatkich kundan kunga o‘smoqda. Ba'zi mahalliy oliy ta'lim muassasalaridagi pedagog xodimlar soni 100 nafardan kamroq bo‘lsa, ba'zi yirik oliy ta'lim muassasalarida bu ko‘rsatkich 1000-1200 nafardan oshiq. Ushbu oliy ta'lim muassasalarining har birida yil davomida taxminan 20dan – 200tagacha bo‘sh o‘qituvchilik ish o‘rinlari ochiladi. Bu raqamlar oralig‘idagi farq ko‘lami oliy ta'lim muassasasining iqtisodiy holati, undagi talabalar soni va uning geografik joylashuviga bog‘liq. Mamlakatdagi barcha mahalliy oliy ta'lim muassasalari ko‘lamida olganda bu ushbu ta'lim muassasalari tomonidan har yili taxminan 1800–5000 nafar pedagog xodimlar ishga olinayotganini anglatadi.

Ushbu pedagog xodimlar qay yo‘sinda ishga olinyapti? Nomzodlar oliy ta'lim muassasasida ish o‘rinlari ochilgani to‘g‘risidagi ma'lumotni qayerdan olishyapti? Oliy ta'lim muassasasida ish o‘rni ochilgani to‘g‘risidagi ma'lumot kerakli guruhga yetib boryaptimi?

Afsuski, hozircha bu savollar ochiqligicha qolmoqda. Ehtimoliy javoblar esa odamni biroz xavotirga soladi.

Hozirda pedagog xodimlarni ishga olish Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 10 fevraldagi 20-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Oliy ta'lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom asosida amalga oshirilishi lozim. Lekin kuzatishlarimiz ko‘p oliy ta'lim muassasalarida ushbu nizom talablariga yetarlicha amal qilinmayotganini ko‘rsatmoqda.   

Birgina misol: ushbu nizomda oliy ta'lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga olinishi ta'kidlangan. Unda tanlov haqidagi ma'lumotlar «vaqtli matbuotda yoki boshqa ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan oliy ta'lim muassasasining ko‘p nashrli gazetasida e'lon qilinishi» ta'kidlanadi. Lekin hozirda qancha universitetlarning ichki gazetasi mavjud?