23:27 / 19.07.2020
21047
Koronavirus profilaktikasi uchun vitaminlarni sun'iy emas, tabiiy qabul qilgan yaxshiroq – shifokor

19 iyul kuni «Tez yordam» loyihasining birinchi sonida virusolog Dildora Sekler koronavirusga chalingan va uyida davolanayotgan bemorning hali kasallik alomatlari sezilmayotgan oila a'zolari uchun tavsiyalar berdi.

«Bu holatda bemorning oila a'zolariga umumiy tavsiyalar beriladi. Masalan, ular vitamin D qabul qilishlari mumkin. Sababi dunyo bo‘ylab 80 foiz odamda bu vitamin yetishmovchiligi aniqlangan. Shuning uchun koronavirus yuqtirgan bemorning yaqinlariga profilaktik miqdorda vitamin D va C ichish tavsiya etiladi», – deydi virusolog.

Dildora Sekler

Uning ta'kidlashicha, profilaktik miqdorda qabul qilinadigan vitaminlarni shifokor tavsiyasiga asosan ichish shart emas. Vitamin D’ning profilaktik miqdori 20–40 mikrogram atrofida, vitamin S – askorbinka kislotasining profilaktik dozasi esa kuniga 500 mg.ni tashkil etadi.

Virusologiya instituti ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Ra'no Qosimova tavsiya qilingan bu tabletkalar dori vositasi emas, vitaminlar ekanini, lekin ular o‘rniga turli mevalar ham iste'mol qilish mumkinligini maslahat berdi.

«Vitamin S ovqat hazm qilish muammolari bor odamlarga, ho‘l meva yeyishga qiynaladigan paytda tavsiya qilinishi mumkin. Lekin agar odam o‘zini yaxshi his qilsa va sog‘ligida muammosi bo‘lmasa, tabletka ko‘rinishidagi vitaminlarni emas, balki mevalarni iste'mol qilishi yaxshiroq. Bunda vitamin sun'iy emas, tabiiy qabul qilinadi», – dedi Ra'no Qosimova.

Ra'no Qosimova

Immunolog-infeksionist, tibbiyot fanlari nomzodi Aziza Xo‘jayeva esa hamma mevalarda ham vitamin D bo‘lmasligini, shuning uchun uni sun'iy ravishda ham qabul qilishga to‘g‘ri kelishini ma'lum qildi.

«Lekin vitamin D’ning toksik dozasi ham mavjud. Shuning uchun uni iste'mol qilmoqchi bo‘lgan odam qonida vitamin D’ning darajasini aniqlab olgani yaxshi. Agar bunga imkon bo‘lmasa, unda profilaktik dozada qabul qilsa, zarar qilmaydi», – dedi Aziza Xo‘jayeva.

Mavzu
COVID-19: Foydali ma'lumotlar
COVID-19 profilaktikasi, simptomlari, davo choralari va mutaxassislar tavsiyalari
Barchasi
Top