12:19 / 21.07.2020
12555
Mutaxassis oksigenatorni uy sharoitida ishlatish xavfli ekanini ma'lum qildi

Oksigenatorlarni uy sharoitida ham tavsiya qilish mumkin, lekin buning o‘ziga xos ko‘rsatmalari bor. Agar bunga e'tibor berilmasa, nojo‘ya ta'siri bo‘lishi mumkin. Shuning uchun oksigenatorni uy sharoitida ishlatish xavfli hisoblanadi.

«Tez yordam» loyihasining navbatdagi sonida virusolog Dildora Sekler kislorod beruvchi oksigenatorlarning uy sharoitida ishlatilishi va qo‘lbola tarzda yasalishi xavfli ekanini ma'lum qildi.

«Oksigenatorlar statsionar sharoit uchun ishlab chiqilgan. Bemorda kislorod miqdori 93 foizdan pasaysa, o‘sha vaqtda oksigenator bilan o‘pkaga nafas beriladi.

Ularni uy sharoitida ham tavsiya qilish mumkin, lekin buning o‘ziga xos ko‘rsatmalari bor. Agar bunga e'tibor berilmasa, nojo‘ya ta'siri bo‘lishi mumkin. Shuning uchun oksigenatorni uy sharoitida ishlatish xavfli hisoblanadi», dedi mutaxassis.

Shifokorning aytishicha, berilayotgan kislorod ko‘payib ketsa, xavfli vaziyat paydo bo‘ladi. Bu qurilmalarning yong‘in xavfi ham yuqori.

Shuningdek, shifokor koronavirus test tizimlarining katta bosimda qolish sabablari haqida ham munosabat bildirdi.

«Koronavirusni aniqlovchi testlar yetishmasligining sabablaridan biri zarur bo‘lmagan holatlarda ham test topshiruvchilarning ko‘payib ketgani bilan bog‘liq.

Zaruratsiz test topshirayotganlar toifasiga o‘zida hech qanaqa alomat bo‘lmasa ham, faqatgina ma'lumotnoma olish uchun test topshirayotganlarni kiritish mumkin.

Bundan tashqari, koronavirus aniqlangan bemor bilan aloqada bo‘lganlarga ham test kerak emas. Chunki kasallar bilan muloqotda bo‘lganlardan test olinishi emas, ular faqatgina nazorat qilinishi kerak, xolos. Bemor bilan aloqada bo‘lgan hammadan test olish natijasida hozir vaziyat og‘irlashib qoldi», deya qayd etdi Dildora Sekler.

U bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlarda kasallik alomatlari paydo bo‘lsagina test olinishi samaraliroq bo‘lishini qayd etdi. 

Mavzu
COVID-19: Foydali ma'lumotlar
COVID-19 profilaktikasi, simptomlari, davo choralari va mutaxassislar tavsiyalari
Barchasi
Top