12:36 / 22.07.2020
23573
Imtihon sanasi aniq bo‘lsa, abituriyent ruxsatnomani 10 kun oldin olishi rejalashtirilgan – DTM

Bugun, 22 iyul kuni AOKAda qabul masalalariga bag‘ishlangan brifingda Davlat test markazi tomonidan abituriyentlarning qachon ruxsatnoma olishi mumkinligi haqida ma'lumot berildi.

«Joriy yilda 1,5 millionga yaqin abituriyent hujjat topshirgani va ularning soni keskin oshgani hisobga olinib, test imtihonlari necha smenada o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, agar kirish imtihonlari 2 smenada o‘tkazilsa, 50 kunga yaqin, 3 smenada o‘tkazilsa, 30 kunga yaqin muddatda imtihon o‘tkazilishi mumkin. Hozir o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Abituriyentlarda imtihon necha smenada o‘tkazilishi muammo bo‘lmaydi. Ularning ruxsatnomalarida smenasi va soati ko‘rsatilgan bo‘ladi», deya ma'lumot berdi Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorov.

Bundan tashqari, boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov abituriyentlarning DTM ruxsatnomasini olish muddati o‘zgarishi mumkinligi haqida ham aytib o‘tdi.

«Agar imtihonlar 1 avgustdan boshlansa, abituriyentlarga ruxsatnomalar 29 iyuldan boshlab berilishi kerak edi. Lekin imtihon sanasi aniq bo‘lmagani uchun ruxsatnomalarni berish muddati ham aniq emas. Lekin test sinovlari boshlanishidan kamida 10 kun oldin ruxsatnomalar berilishi boshlanishi rejalashtirilgan.

Abituriyent o‘z ruxsatnomasini DTM sayti orqali bemalol olishi mumkin. Yana qo‘shimcha tarzda aytishim mumkinki, test muddati kechiksa ham, abituriyentlarga tayyorgarlik ko‘rishi uchun qo‘shimcha muddat bo‘ladi», dedi DTM boshqarma boshlig‘i.

Bundan avvalroq kirish imtihonlari qachon bo‘lishi ma'lum emas, imtihonlar faqat karantin choralari bekor qilinganidan keyin, sentyabrda o‘tkazilishi ham mumkinligi xabar qilingandi.

Mavzu
Abituriyent-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top