15:53 / 23.07.2020
5078

8660 ta chet tili sertifikatining 581 tasi talabga javob bermasligi aniqlandi – DTM

Davlat test markazining xabar berishicha, 20 iyulga qadar abituriyentlar tomonidan 8 660 ta chet tili sertifikati dasturga kiritilgan. Shundan 581 tasi talabga javob bermasligi aniqlangan.

Foto: Getty Images

«20 iyundan 20 iyulga qadar ro‘yxatdan o‘tish davomida abituriyentlar tomonidan 8 660 ta hujjat chet tili sertifikati sifatida dasturga kiritildi.

Bularning barchasi Davlat test markazi tomonidan tekshirildi va 8 079 ta sertifikat o‘z tasdig‘ini topdi. 581 ta sertifikat esa talabga javob bermasligi aniqlandi.

Misol uchun, 200 ta sertifikatda tilni bilish darajasi B2 dan past ekanligi, 117 ta sertifikat milliy yoki xalqaro imtihon tizimlaridan olinmaganligi (o‘quv markazlari tomonidan berilgan yoki xalqaro bo‘lmagan sertifikatlar), 69 ta sertifikatda amal qilish muddati tugaganligi, 7 ta holatda sertifikatlarning haqiqiy emasligi, 9 tasida sertifikat boshqa shaxsga tegishli ekanligi aniqlandi», deyiladi DTM axborot xizmatining xabarida.

Top