17:03 / 29.07.2020
7816
Tojikistondan importi to‘xtatilgan elektr energiyasining o‘rni Turkmanistondan import oshirilgani hisobiga qoplangani ma'lum qilindi

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining ma'lum qilishicha, Tojikistondan elektr energiyasi importi to‘xtatilgani O‘zbekistondagi issiqlik elektr stansiyalarining yuqori quvvatda ishlashi hamda Turkmanistondan elektr energiyasi importi oshirilgani hisobiga qoplangan. Natijada energiya tizimidagi yirik avariyalarning oldini olish maqsadida respublika iste'molchilariga kiritilishi rejalashtirilgan cheklovlar joriy etilmagan.

Foto: Ilya Pitalev

«Avval xabar berganimizdek, joriy yil 21–24 iyul kunlari energotizimdagi barqarorlikni ta'minlash maqsadida respublikamiz iste'molchilariga o‘rtacha 0,8–1,0 foiz miqdorda cheklovlar kiritilgan edi. Bunga asosan 2 ta omil ta'sir ko‘rsatgan edi.

Birinchidan, O‘zbekiston gidroelektrostansiyalarida rejaga nisbatan kunlik 6–7 mln. kVt•soat, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10–12 mln. kVt•soat kam elektr energiyasi ishlab chiqarilayotgandi. Ikkinchidan, mintaqada yuzaga kelgan suv tanqisligi oqibatida Tojikistondan import amaliyoti sutkalik o‘rtacha 12,0 mln.kVt•soatdan 0,3 mln kVt•soatgacha kamaygandi

Yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, o‘rtacha hisobda 0,8–1,0 foiz miqdordagi energiya tanqisligini bartaraf etish maqsadida ko‘zda tutilgan miqdordan 10–12 % ko‘p tabiiy gaz yetkazib berish hisobiga issiqlik elektr stansiyalarida rejaga nisbatan 8 mln. kVt•soat va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25–30 mln. kVt•soat ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Joriy yilning 25–26 kunlari energetika tizimida iste'molni cheklash holatlari kuzatilmadi. 27 iyul kuni soat 01:35 da 500 kVli Qorako‘l–Serdar havo tarmoqlari orqali Turkmanistondan elektr energiyasi import hajmi 80 MVt, so‘ngra 200 MVtga oshirildi. Ayni paytda O‘zbekistonda elektr energiyasi tanqisligi mavjud emas», deyiladi «O‘zbekiston MET» AJ axborot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, ayni paytda 500 kVli Qorako‘l–Serdar hamda 110 kVli Dashovuz–Shovot havo tarmoqlari orqali Turkmanistondan O‘zbekistonga 400–430 MVt quvvat yetkazib berilmoqda. Bu O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi miqdoriga nisbatan 4.0 - 4.5 foizini tashkil etadi. Iste'molchilarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasining asosiy qismi mamlakatimizda mavjud issiqlik elektr hamda gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilmoqda.

«O‘zbekiston MET» AJ axborot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekistonda bir kunlik elektr energiyasi iste'moli o‘rtacha 195,6 mln kVt•soatni tashkil etmoqda. Solishtirish uchun 2020 yil 23 iyul holatiga elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun sarflangan tabiiy boyliklar miqdori: tabiiy gaz iste'moli 46,557 mln metr kub; ko‘mir – 6280 tonna; suv: 8,1 mln. metr kub.

«Misol uchun quvvati 7 Vt lampani kVt aylantiramiz: 7 Vt ÷ 1000 = 0,007 kVt. Demak, 1 ta 7 Vt li lampochka 1 soat ichida 0,007 kVt•soat elektr energiyasi iste'mol qiladi;

Natijani 24 soatga ko‘paytiramiz va bir kunda 1 ta elektr chirog‘i uzluksiz ishlatilganda: 0,007 kVt × 24 soat = 0,168 kVt•soat elektr energiyasi iste'mol qilishi ma'lum bo‘ladi;

O‘zbekistondagi kunlik o‘rtacha iste'molni 24 soat davom etgan 7 Vtli elektr lampochkasi iste'moli misoliga taqqoslab ko‘rsak: 195,6 mln kVt•s ÷ 0,168 kVt•s = 1 164 285 714 dona elektr lampochkasi hosil bo‘ladi.

Faraz uchun, O‘zbekistonda bir kunda ≈ 24 soat davomida 1 milliard 164 million 285 ming 714 dona chiroq yonib turadi», deya «O‘zbekiston MET» AJ rahbarining matbuot kotibi Ulug‘bek Urunovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top