O‘zbekiston | 00:11 / 29.07.2020
74857
4 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston O‘zbekistonga elektr energiyasi uzatishni to‘xtatmoqda

Tojikiston O‘zbekiston va Afg‘onistonga elektr energiyasi uzatishni to‘xtatmoqda. Bu haqda Tojikiston prezidenti saytida mamlakat hukumati tomonidan e'lon qilingan murojaatda ma'lum qilingan.

«Bugun biz xalqaro shartnomalarda belgilangan muddatdan oldin O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasiga elektr energiyasini yetkazib berishni to‘xtatishga majbur bo‘ldik. Hukumat cheklov haqidagi ushbu qarorga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni so‘rab, mamlakatning barcha aholisiga murojaat qiladi. Hozirgi qiyin vaziyatda mazkur ish qish mavsumida elektr energiyasi ta'minotidagi muammolardan qochishimizga yordam beradigan yagona chora hisoblanadi», deyiladi xabarda.

Tojikiston mamlakatning o‘zida ham energiya ta'minotiga cheklov joriy etmoqda va murojaatda aholidan cheklovni to‘g‘ri qabul qilish so‘ralgan:

«Tojikiston Respublikasi hukumati mamlakat aholisiga murojaat qiladi va «Barqi tojik» kompaniyasi tomonidan Norak suv omborida ko‘proq suv zaxira qilish uchun kiritilayotgan elektr energiyasi ta'minotidagi mazkur cheklovni to‘g‘ri qabul qilishni so‘raydi».

Murojaatda, mavjud vaziyatni hisobga olgan holda, mulkchilik shaklidan qat'i nazar, har bir fuqaro, har bir oila, barcha muassasa va tashkilotlar, kompaniya hamda korxonalar elektr energiyasidan tejamkor foydalanishni ta'minlashi shartligi aytiladi.

Shuningdek, ushbu holatga Vaxsh va Panj daryolarining shakllanish hududlarida qor kam yoqqani, yog‘ingarchilik miqdori o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning 50 foiziga teng bo‘lgani sabab qilib keltiriladi.

«Tojikistonda bunday vaziyat birinchi marta sodir bo‘lyapti. Bugungi kunda Panj daryosida suv oqimi avvalgi yillarga qaraganda 2 ming kub metrga, shuningdek Vaxsh daryosida 800 kub metrga, ya'ni 50 foizga kam. Norak suv omborida suv zaxirasi o‘tgan yilga nisbatan 17 metrga pasayib ketdi», deyiladi murojaatda.

Agar bu holat yana davom etsa, u holda suv omboridagi suv zahirasi keskin kamayadi va qishda aholi va xalq xo‘jaligi tarmoqlarini elektr energiyasi bilan ta'minlashda jiddiy muammolar yuzaga keladi. Shu sababli, hukumat o‘z murojaatida kuz-qish davrida aholi elektr energiyasi ta'minotida muammoga duch kelmasligi uchun barcha zarur choralarni ko‘rayotgani ta'kidlagan.

Kuz-qish mavsumlarida elektr energiyasi ta'minotidagi doimiy uzilishlar haqida hech qanday izoh berilmagan. Shuningdek, 27 iyul kuni kompaniyaning olti oylik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida «Barqi tojik» rahbarlari ham mazkur cheklov joriy etilishi haqida gapirmagan.

  • Eslatib o‘tamiz, Tojikiston sovuq ob-havo boshlangani va respublikaning ichki ehtiyojlarini ta'minlash maqsadida O‘zbekistonga elektr energiyasi eksport qilishni o‘tgan yilning dekabr oyida to‘xtatgan edi.
  • 2020 yilning may oyida kelib Tojikiston elektr energiyasini yetkazib berishni tiklagani to‘g‘risida xabar berilgan.
  • 22 iyul kuni O‘zbekiston Tojikiston import qisqargani tufayli elektr ta'minoti tizimiga cheklovlar kiritilishi haqida ma'lum qildi.

Mavzuga oid