21:41 / 04.08.2020
24558

1 yanvardan ijtimoiy xizmat ko‘rsatish va davlat yordamini olishda talab qilinmaydigan hujjatlar ro‘yxati e'lon qilindi

4 avgust kuni imzolangan prezident qarori bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etishda fuqarolardan talab etilishi yo‘l qo‘yilmaydigan hujjatlar va ma'lumotlar ro‘yxati e'lon qilindi.

Moliya vazirligi axborot xizmati tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan ro‘yxatda 11 turdagi ma'lumotnomalar sanab o‘tilgan.

1. Doimiy yashash uchun ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risida ma'lumotnoma.

2. Oila tarkibi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma, bolalar soni va ularning yoshi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, vafot etganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, turmush qurganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, ajrashganlik to‘g‘risidagi guvohnoma.

3. Avtotransport vositasi mavjudligi va uning texnik holati to‘g‘risidagi ma'lumotnoma.

4. Oilaning (oila a'zolarning) rasmiy daromadlari to‘g‘risidagi ma'lumotnomalar.

5. Ko‘chmas mulkning mavjudligi, ko‘chmas mulk hajmi, foydalanuvda bo‘lgan yerning boniteti to‘g‘risidagi ma'lumotnomalar.

6. Ish qidiruvchi, ishsiz, jamoat ishlari bilan bandlik maqomi berilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomalar.

7. Pensiya va nafaqa ko‘rinishidagi daromadlari, 1 va 2 guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ekanligi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma.

8. Mehnat faoliyati bilan vaqtincha shug‘ullanish imkoniyatini bermaydigan kasallikning mavjudligi, nogironlik guruhining mavjudligi, doimiy parvarishga muhtoj oila a'zosining mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomalar.

9. Bank plastik kartasining mavjudligi, to‘lovlar va vedomostlarni yuborish, to‘langan mablag‘lar to‘g‘risidagi hisobotlar, oila a'zolariga kelib tushgan pul o‘tkazmalari, bank plastik kartasi qoldiqlari to‘g‘risidagi ma'lumotnomalar.

10. Oila a'zolarining qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshirgan operatsiyalari, dividendlar olinganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomalar.

11. Talabalar safida mavjudligi, stipendiya miqdori, o‘qish shakli (kunduzgi, sirtqi), o‘qish turi (davlat granti, to‘lov kontrakt) to‘g‘risidagi ma'lumotnomalar.

Avvalroq, O‘zbekistonda 2020 yilda 7ta vazirlik va idoralar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» integratsiya qilinishi, yangi tizimning maqsadi - elektron ma'lumot almashuvi orqali davlat tomonidan aholiga ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishning shaffof va odilona tizimini yaratish ekani haqida xabar berilgan edi.

Top