23:55 / 05.08.2020
22326
«COVID-19da ‘kapelnitsa’ olmang!..» - bloger noto‘g‘ri davolanishi oqibatida og‘ir pnevmoniyani boshdan kechirgani haqida so‘zlab berdi

Telegram`dagi «Na begu» kanali muallifi Malik Karimov koronavirusga chalinib, noto‘g‘ri davolanishi oqibatida pnevmoniyaning og‘ir shaklini boshdan kechirgani haqida hikoya qilib berdi.

Foto: pixabay.com

«Do‘stlar, hayotimning so‘nggi ikki haftasi mushkul dard bilan kurashda kechdi. Men bu haqida batafsil, katta bir post yozishni ham boshlagandim, lekin ko‘pchilikni ogohlantirish, hayotlarni saqlab qolish mumkinligi sababli boshimdan o‘tkazganlarimni oraliq postda yozishga qaror qildim. Chunki har daqiqa, insonlar umri g‘animat!

Dastlabki bosqichda o‘pka zararlanishi 20 foizgacha yetganini bilganimizda, ilk kunlardanoq yurtimizning yetakchi pulmonologlari tavsiyalariga ko‘ra muolajani boshladik.

Omadim kulgan ekan, ayolim va ikkinchi onam – vrach, shu sababli biz eng mushkul chaqiriqlarga ham tayyor edik. Mening jismoniy holatim, triatlon va yugurish bilan muntazam shug‘ullanishim kasallikni yengil shaklda o‘tkazishga yordam berishiga chindan amin edim.

Ammo, keyin aniq bo‘lishicha, ko‘plab vrach va mutaxassislar kasallik rivojlanish mexanizmini hisobga olmay, koronavirusni noto‘g‘ri davolashga urinishar ekan. Sog‘liqni saqlash vazirligida bor ma'lumotlarga qaramasdan, koronavirus pnevmoniyasini davolash o‘rniga, ular bakterial pnevmoniyani davolashar ekan!

Mening muolajam kapelnitsa va ko‘p miqdordagi antibiotiklardan iborat edi. Va bunday davolash usuli meni yana ham boshi berk ko‘cha tomonga yetaklay boshladi – bunday muolajaning 5-kuniga kelib, o‘pka shishishi va zararlanishi 70 foizga yetdi!

Faqatgina kapelnitsa va antibiotiklarni bekor qilgan Immunologiya institutining yetakchi immunolog mutaxassisi jarayonga favqulodda qo‘shilishi va tuzatishlari sharofati bilan mening holatim bir maromga keldi. Doimiy qon analizlariga (SRB, D-dimer, LDG, interleykin, OAK, ferritin) asoslanib, kasallik kechishini o‘zgartirish va davolanishga muvaffaq bo‘ldik. Hozir holatim ancha yaxshi.

Eng muhim jihatga e'tiboringizni qaratmoqchiman – koronavirus pnevmoniyasini davolash oddiy pnevmoniyani davolashdan tubdan farq qiladi, kapelnitsa qo‘ymang! Antibiotiklar esa faqat yo‘riqnoma bilan qabul qilinishi kerak!» – deb yozadi bloger.

Malik Karimov unga yordam bergan vrachlar – Aziza Xo‘jayeva, Dildora Sekler va Abdusalom Abdurahmonovning bilim va malakasini e'tirof etib, ular tomonidan yo‘lga qo‘yilgan «Tez yordam» dasturini ko‘rib borishni tavsiya qilgan.

Eslatib o‘tamiz, «Tez yordam» dasturi – Mass-media fondi tomonidan bir qator OAVlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rsatuv bo‘lib, u begim kunlari soat 18:00da Milliy telekanalida efirga uzatilmoqda.

Ko‘rsatuvda aholi uchun COVID-19ga oid shifokorlar tavsiyalari bilan birgalikda tibbiyot xodimlari uchun ham ekspert maslahatlari berib borilyapti.

Top