00:10 / 05.08.2020
45686
«Milliy falokat». O‘nlab qurbonlar, «juda ko‘p» jarohatlanganlar, xarobalar va Bayrutdagi portlashning boshqa tafsilotlari

Livan poytaxti Bayrutda 4 avgust kuni juda kuchli portlash sodir bo‘ldi - dastlabki xabarlarda shaharning port hududida pirotexnika ombori portlab ketgan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni kamida 78 nafarni tashkil etmoqda, jarohatlanganlar soni aniq emas. Bayrut gubernatori Marvon Abbud ushbu hodisani Hirosima va Nagasakiga atom bombasi tashlangan holat bilan qiyosladi. «Men butun hayotim davomida bunday ko‘lamdagi vayrongarchilikka guvoh bo‘lmagandim. Bu milliy halokat», - degan u.

Bayrutdagi portlash sabablari bo‘yicha bir-biridan farqli ma'lumotlar tarqaldi. Dastlabki xabarlarda bu pirotexnika vositalari saqlangan ombordagi portlash ekani aytilgan bo‘lsa, keyinroq binoda kimyoviy vositalar saqlangani haqida ham ma'lumotlar paydo bo‘ldi. Bu portlashda isroilliklarning qo‘li borligi haqidagi xabarlar Isroil hukumati tomonidan ham, Livan hukumati tomonidan ham rad etildi.

Portlash sodir bo‘lgan binodan 10 kilometrgacha bo‘lgan inshootlar zarar ko‘rgan, oynalari singan, devorlari qulagan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra 30 kishi portlash oqibatida halok bo‘lgan, 2,5 mingdan ortiq odam jarohat olgan. Al Arabia nashri e'lon qilgan videoda yerda yotgan jasadlar ko‘ringan. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Hamad Hasan jabrlanganlar juda ko‘p ekanini aytdi.

Halok bo‘lganlar orasida «Al-Kataib» partiyasi bosh kotibi ham bor.

Qurbonlar va jarohatlanganlar soni o‘sishi kutilmoqda.

«Bu terakt emas»
Livan xavfsizlik xizmati rahbari Abbos Ibrohimning aytishicha, portlash sodir bo‘lgan binoda musodara qilingan portlovchi vositalar saqlangan. Bu portlash terakt emasligi aytilmoqda. «Hizbulloh» harakati portlashga aloqasi yo‘qligini ma'lum qilgan.

Portlash terakt oqibatida sodir bo‘lgani haqidagi versiya ham bejiz paydo bo‘lgani yo‘q edi. Juma kuni BMT tribunali 2005 yilda terakt sabab o‘ldirilgan Livan bosh vaziri Rafiq Haririy ishi bo‘yicha 4 kishini sirtdan hibsga olish bo‘yicha qaror chiqarishi kutilgandi. Shu bois portlashga Isroil hukumati hamda Livanda faoliyat yurituvchi va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi aytiladigan «Hizbulloh» harakatining aloqasi borligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

«Bu Hirosima va Nagasakidagi portlashga o‘xshaydi»
Bayrut shahri hokimi Marvon Abbud sodir bo‘lgan portlashni Ikkinchi jahon urushi yakunida Yaponiyaning Hirosima va Nagasaki shaharlarida sodir bo‘lgan atom bombasi portlashiga o‘xshatdi. «Umrim bino bo‘lib bunaqa portlashni ko‘rmaganman. Bu milliy falokat», dedi poytaxt rahbari. Livan bosh vaziri Hasan Diab portlashdan so‘ng favqulodda hukumat yig‘ilishini chaqirgan. U 5 avgustda mamlakatda 3 kunlik motam e'lon qilishi kutilmoqda.

Shifoxonalar to‘lib-toshgan

Internetda Bayrutdagi kasalxonalarda olingan videolar tarqaldi. Unda kasalxona binolari odamlar bilan to‘lgani ko‘ringan. Shundog‘am koronavirus sabab zo‘riqish bilan ishlayotgan kasalxona xodimlari qiynalib qolishgan. Ular to‘liq tarkibda ishlamoqda va odamlarga yo‘laklarda birlamchi yordam ko‘rsatishga majbur bo‘lishmoqda. Hukumat kasalxonalarga hammaga bepul yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Hukumat JSSTdan yordam so‘ragan, Isroil o‘z yordamini taklif etgan.

Portlash oqibatida Bayrut xalqaro aeroporti ham zarar ko‘rgan va bu parvozlarga ta'sir qilishi mumkin. Shuningdek, atrofdagi portlar faoliyati ham to‘xtagan va bu deyarli barcha zarur mahsulotlarni import qiluvchi Livan uchun jiddiy muammoni keltirib chiqaradi. Portlash oqibatida Rossiya elchixonasi zarar ko‘rgani, Qozog‘iston konsuli yengil jarohat olgani ham aytilgan. Portlash kuchi Bayrutdan 250 kilometr uzoqlikdagi Kipr sohillarigacha sezilgan.

Portlash haqidagi xabarlardan so‘ng Livanda internet bilan muammo paydo bo‘lgan. Internet tezligi keskin pasaygan va ba'zi joylarda aloqa yo‘qolgan. Buning sababi portlash oqibatida texnik uskunalarning zarar ko‘rgani aytilmoqda.

Portlash sababi
Livan ichki ishlar vaziri Muhammad Fahmiy Bayrut portida ammiakli selitra portlagani haqida ma'lum qildi.

Al Mayadeen telekanali kuch ishlatish tizimidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, «to‘qqiz yil avval kemalardan biridan musodara qilingan hamda qayta ishlash yoki yo‘q qilish uchun portdagi omborda saqlangan portlovchi moddalar portlagan».

«To‘rt oy avval portda bunday yukni saqlash juda xavfli ekanligi to‘g‘risida hisobot tayyorlangandi», - degan telekanal manbasi.

Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra esa, omborda qisqa tutashuv oqibatida yong‘in chiqqan, natijada selitra portlagan.

Mavzu
Bayrutdagi portlash
4 avgust kuni Livan poytaxti Bayrutda vayronkor portlash ro‘y berdi.
Barchasi
Top