Al-Aruriyning halokatidan keyin dunyo yana Yaqin Sharqda yirik mintaqaviy urush xavfi haqida gapira boshladi.

Isroil HAMAS tuzilmasidagi muhim shaxslardan birining yo‘q qilinishiga aloqadorligini tasdiqlamadi ham, inkor ham etmadi, ammo Livan hukumatidagilar buning ortida Isroil maxsus xizmatlari turganiga shubha qilmayapti.

Qator harbiy ekspertlarga ko‘ra, bunday ko‘lamdagi figurani faqat professionallar tuzoqqa tushirishi mumkin va al-Aruriyning o‘ldirilishi ortida kim turganidan qat’i nazar, HAMAS katta zarar ko‘rdi.

Jiddiy yo‘qotish

HAMAS Solih al-Aruriy qiyofasida asosiy harbiy strateglaridan birini yo‘qotdi.

Al-Aruriy 57 yoshda bo‘lgan. HAMAS siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari bo‘lishdan tashqari, u guruhning harbiy qanoti bo‘lmish «Al-Qassam brigadasi»ga asos solgan qo‘mondonlardan biri edi.

U 2006 yilda keyinroq TsAHAL kaprali Gilad Shalit evaziga mingdan ortiq falastinlik mahbuslar almashtirilishi bilan yakunlangan kelishuvda ishtirok etgan.

Al-Aruriy Eron va «Hizbulloh» bilan ham yaqin aloqalarga ega bo‘lgan.

U HAMASga 1987 yilda qo‘shilib, islom talabalar harakatini boshqargan va guruhning G‘arbiy sohilda harbiy mavjudligini ta’minlagan.

O‘limiga qadar Livanda yashab kelayotgandi.

Foto: Reuters

U G‘azo sektori va Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlaridagi HAMAS tuzilmalari o‘rtasida pul oqimlari va qurol-yarog‘larni taqsimlashda faol ishtirok etgan.

Uning rahbarligi ostida guruh Isroilga qarshi kurash olib borishni ko‘zlagan Eron va eronparast tuzilmalar tarmog‘iga yanada yaqinlashdi.

Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, al-Aruriy amalda HAMASning Eron va «Hizbulloh»dagi vakili hisoblangan.

«U eng yuqori darajada siyosiy aloqalarni o‘rnatishni bilardi va shu bilan birga dala qo‘mondoni sifatida ham katta obro‘ qozongandi», - deydi Londondagi Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha eksperti Emili Hokaym.