16:01 / 06.08.2020
7926
Kislorod konsentratori va QQS: masala Farmatsevtika agentligiga borib taqalmoqda

Kun.uz saytida hozirgi epidemiya holatida og‘ir ahvoldagi bemorlar hayotini saqlab qolishda kislorod konsentratorlarning ahamiyati haqida, shu bilan birga ularning soni yetishmayotgani, chetdan keltiriladigan bu uskunalar esa qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan tovarlar ro‘yxatiga kirmay qolgani haqida maqola e'lon qilingandi.  

Davlat bojxona qo‘mitasi bu turdagi mahsulotlarni tadbirkorlar tomonidan respublikamizga hech qanday to‘siqlarsiz olib kirilishiga alohida e'tibor qaratilayotganini, kislorod va aerozol terapiyasi uchun sun'iy nafas olish yoki boshqa terapevtik nafas oldirish apparatlarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda 2020 yil 31 dekabrga qadar bojxona boji va aksiz solig‘idan ozod qilinganini ma'lum qildi.

Ammo, hamon biror rasmiy idora havo kabi zarur bo‘lgan bu uskunaning importi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilishi haqida lom-mim demadi.

Amalda belgilangan tartibga ko‘ra, kislorod konsentratorlari importiga qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyoz qo‘llash bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish huquqi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ixtiyorida ekanligi ma'lum bo‘ldi. 

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «2019 — 2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Farmoni 3-bandiga ko‘ra import qilishda Soliq kodeksida nazarda tutilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz joriy etilmaydigan dori vositalari va tibbiyot buyumlari ro‘yxati Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan shakllantiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.

Bundan xulosa qilish mumkinki, bugungi kunda davlat gardaniga tushayotgan yukni biroz bo‘lsa-da kamaytirib, ko‘plab insonlarning bevaqt o‘limi oldini olishga erishish maqsadida yuqorida nomi tilga olingan Agentlik qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ro‘yxatni qayta ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zero, bu kabi hayotiy ahamiyati katta bo‘lgan uskuna importidan budjetga kutiladigan soliq tushumidan ko‘ra bu yo‘nalish uchun davlat sarflayotgan mablag‘ning miqdori bir necha o‘n barobar yuqori bo‘lsa ajab emas. 

Qo‘shimcha tarzida shuni ta'kidlash kerakki, nafaqat bojxona rasmiylashtiruvi paytida, balki realizatsiya paytida ham bu tibbiy uskuna soliqqa tortilmasligi kerak, chunki bu oxir-oqibat ushbu tovarlarni sotib olayotgan, uyida bemor saqlayotgan oilalar uchun qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi.

Masala yuzasidan rasmiy idoralardan izoh kutib qolamiz.

Dilshod Abduqodirov

Top