17:06 / 06.08.2020
12255
Lukashenko Belarusda Amerika pasportiga ega shaxslar qo‘lga olinganini aytdi

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarishni maqsad qilgan ko‘plab odamlar qo‘lga olingan.

Foto: RIA Novosti

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko respublikada saylov kampaniyasi vaqtida qo‘lga olinganlar orasida "Amerika pasportiga ega bo‘lgan, davlat departamentida ishlaydigan amerikalik ayollarga uylangan" shaxslar ham borligini ma'lum qildi.

 Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarishni maqsad qilgan ko‘plab odamlar qo‘lga olingan.

"Ism-shariflari, manzillari, parollari va borgan joylari ma'lum. Amerikalikmi, davlat departamentchisimi, demokratik partiyaga mansubmi, bunisi muhimmas. Rossiyadagi saylovoldi kampaniyasida qatnashishgan, yaxshigina pul olishgan. Bugun esa Belarusda shov-shuv ko‘tarishmoqda. Amerikaliklar ularni himoya qilishni boshlaydi deb o‘ylayman. Bunaqasi ketmaydi", dedi u.

Belarusda prezidentlik saylovlari 9 avgustda bo‘lib o‘tadi. Prezidentlikka Lukashenko bilan birgalikda 5 kishi da'vogarlik qilmoqda.

29 iyulda Belarusda 33 nafar rossiyalik qo‘lga olingani xabar qilingandi. Ular respublikada ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rishda gumon qilinmoqda.  

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top