18:34 / 09.08.2020
20083

Sil kasalligiga chalingan bemorlar uchun COVID-19 qanchalik xavfli? - Bosh ftiziatr bilan suhbat

Kun.uz sayti tibbiyot mutaxassislari bilan COVID-19 mavzusidagi suhbatlarini davom ettiradi. Navbatdagi intervyuda o‘pka xastaliklari mutaxassisi, SSV bosh ftiziatri, tibbiyot fanlari doktori, professor Nargiza Parpiyevaga sil kasalliklari va koronavirusga bog‘liq savollar bilan murojaat qildik.

Nargiza Parpiyeva

– Nargiza Nusratovna, sizning asosiy faoliyatingiz o‘pka patologiyasi, xususan sil kasalligi bilan bog‘liq. Koronavirus O‘zbekistonga kirib kelganiga ham olti oy bo‘ldi, shu vaqt oralig‘ida sil kasalligi va COVID-19 birgalikda kelishi qay darajada kuzatilmoqda?

– Albatta, koronavirus infeksiyasi O‘zbekistonga kirib kelgan vaqtdan shu kunga qadar sil kasalligi va COVID-19'ning birgalikda kelishi statistikasi mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda. Bizning Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi misolida aytadigan bo‘lsak, 15 mart kunidan bugungi kungacha sil kasalligi va COVID-19 bilan kasallangan bemorlar aniqlanib, ularda silning klinik kechishi COVID-19 bo‘lmagan sil bemorlaridan hech qanday farq qilmadi, deyish mumkin.

Umuman, respublikada sil kasalligi bilan bog‘liq vaziyat qanday? Karantin holatining bu kasallik tarqalishiga ta'siri o‘rganilyaptimi?

– O‘zbekiston Respublikasida sil kasalligiga qarshi oldindan olib borilayotgan barcha tadbirlar: silni aniqlash va davolash ishlari davom etmoqda. Davlat tomonidan bunga hozirgi kunda katta e'tibor berilmoqda. Ammo viloyatlarda vaziyat talab qilganda viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazlaridagi ba'zi binolarda COVID-19 aniqlangan bemorlar uchun alohida bo‘limlar tashkillashtirilgan.

– Fikringizcha, pandemiya kuz-qish oylarida ham susaymasa, kasallik qanday klinik kartina hosil qiladi va mavsum o‘lim ko‘rsatkichiga qay darajada ta'sir qilishi mumkin?

– Bu prognozni faqatgina epidemiologlar berishi mumkin.

– Siz faoliyat olib borayotgan tibbiyot markazida ham COVID-19'ga chalingan bemorlar davolanmoqdami? Ular boshqa bemorlar bilan qanday ajratilgan?

– Yuqorida aytib o‘tganimdek, bizning markazimizda sil kasalligi va COVID-19'ga chalingan bemorlar davolanmoqda. Bunday bemorlar aniqlanganda biz ularni barcha sanitar-gigiyena qoidalarga rioya qilgan holda alohida davolash bo‘limiga izolyatsiya qilib ham silni, ham COVID-19'ni davolash protokoli asosida davo ishlari olib bormoqdamiz.

– Bu kasallikni davolashda o‘pka mashqlari va tanaga suyuqlik jo‘natish bo‘yicha turlicha fikrlar bildirilmoqda. Siz COVID-19'ni davolashda bu ikki muolajaga qanday qaraysiz?

– COVID-19 kasalligini har bir bosqichidan kelib chiqib davolashda o‘ziga xos o‘pka mashqlari tavsiya qilinib, ularning ijobiy samarasi kuzatilmoqda. Biroq, ma'lum bo‘lishicha, COVID-19 bemorlariga ortiqcha suyuqlikni vena tomiriga tomchilab yuborish kasallikning asoratli kechishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun vena tomiriga suyuqlik yuborish tavsiya qilinmaydi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top