01:16 / 12.08.2020
64857
«Ojizaligimcha qoldim...» - Tixanovskaya «taslim bo‘lib» murojaat qildi va mamlakatni tark etdi

Belarus saylovlarida qatnashib, xalqning mehrini qozongan va rasman ikkinchi o‘rinni olgan Svetlana Tixanovskaya oxirgi kunlarda ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib turibdi. 11 avgustda u bilan bog‘liq yana ko‘plab voqealar sodir bo‘ldi.

Foto: AP

Tixanovskaya saylov natijalarini tan olmasligini ma'lum qildi, keyin ko‘p o‘tmay yo‘qolib qoldi. Biroz o‘tib uning namoyishchilarni militsiyaga quloq solishga chaqirgan videmurojaati paydo bo‘ldi. Litvaga ketgach esa Tixanovskaya yana bir videomurojaat yo‘llab, «farzandlari eng muhimligi» haqida gapirdi.

Birinchi murojaat

Tixanovskayaning Litvaga ketgani haqida Litva tashqi ishlar vaziri Linas Linkyavichyus ertalab tvitterdagi sahifasida e'lon qildi: «Svetlana Tixanovskaya Litvada va xavfsiz joyda!» deb yozdi Litva TIV rahbari.

Kunning ikkinchi yarmida Tixanovskayaning quyidagi gaplar aytilgan videomurojati tarqaldi:

«Hurmatli Belarus fuqarolari. Mamlakat rahbarini aniqlash uchun saylovlarda qatnashganingiz uchun rahmat. Xalq o‘z tanlovini amalga oshirdi. Sizlarni militsiyaga qarshilik qilmaslikka, maydonlarga chiqmaslikka chaqiraman. O‘zingiz va yaqinlaringizni xavf ostida qoldirmang».

Keyinchalik bu murojaat Belarus saylov komissiyasi binosida yozilgani ma'lum bo‘ldi. Tixanovskaya qorong‘u xonada qilingan bu murojaatni o‘qib bergan.

Ikkinchi murojaat

Keyinchalik Tixanovskaya YouTube'da chiqish qildi va farzandlar hammasidan ham muhimligini aytdi:

«Boshida saylov kampaniyasi menga shunchalik katta kuch berdiki, hammasiga bardosh bera olaman, deb o‘ylagandim. Biroq men baribir o‘sha boshidagi kabi ojizaligimcha qolgandayman. Juda murakkab qaror qabul qildim. Uni mustaqil qabul qildim. Do‘stlarim, yaqinlarim, shtab, Sergey (eri, Sergey Tixanovskiy) qarorimga ta'sir qilishgani yo‘q.

Ko‘pchilik meni tushunishini bilaman, yana ko‘pchilik hayron qolishadi va yomon ko‘rib qoladiganlar ham bo‘ladi. Biroq shuni bilishingizni xohlaymanki, men duch kelgan holatga tushishni Xudo hech kimga ravo ko‘rmasin. Hayotimizda mavjud bo‘lgan eng muhimi bu – bolalarimiz», – dedi Tixanovskaya titroq ovozda.

Tixanovskayaning ishonchli vakili Olga Kovalkovaning aytishicha, uni mamlakatdan hukumat vakillarining o‘zlari chiqarib qo‘yishgan. Tixanovskayaning mamlakatni tark etishi uning shtabi rahbari Mariya Moroz qo‘yib yuborilishiga imkon bergan.

«Svetlanada boshqa yo‘l qolmagandi. Muhimi, u tirik va erkin. U Mariya Moroz bilan birga ketdi. Biroq Svetlana komandasining bir qismi tutqunlikda qolmoqda. Markaziy saylov komissiyasiga borishdan 5 daqiqa avval reja qilgandik va unda mamlakatni tark etish fikri yo‘q edi», – degan Kovalkova Reuters agentligiga bergan intervyusida.

Bir kunda o‘zgargan qaror

Bir kun oldin Tixanovskaya OAV vakillari bilan brifingda mamlakatni tark etish maqsadi yo‘qligini aytgandi:

«Nega men qo‘lga olinishim kerak? Bunga hech qanday sabab ko‘rmayapman. Men mamlakatdan chiqib ketmoqchi emasman».

Aynan o‘sha chiqishida Tixanovskaya prezidentlik saylovida Lukashenko emas, o‘zi g‘olib bo‘lganini aytgandi. Shuningdek, Tixanovskaya saylov jarayonidagi soxtalashtirishlar uchun arz qilishini ma'lum qilgandi.

Belarus markaziy saylov komissiyasi e'lon qilgan natijalarga ko‘ra, Aleksandr Lukashenkoga saylovchilarning 80 foizdan ortig‘i ovoz bergan. Tixanovskaya esa 11 foizga yaqin ovoz olgan.

Brifing bo‘lib o‘tgan kun kechki vaqt Tixanovskaya hukumat binosida joylashgan MSK qarorgohiga borib, shaxsan arznoma berishga qaror qiladi. Shuningdek, Tixanovskaya shtabi provokatsiyadan qochish maqsadida namoyishlarda qatnashmasligini ma'lum qilgandi. Shtab vakillari uni MSKda ushlab turishganini aytishadi, ammo Markaziy saylov komissiyasidagilar bu xabarni rad etishadi.

Tut.by saytining yozishicha, Tixanovskaya MSKga borgach, u bilan huquq-tartibot organi vakillari suhbat o‘tkazishgan. Xabarga ko‘ra, Tixanovskaya hukumat binosini boshqa eshikdan tark etgan. U bilan birga hukumat binosiga borgan advokati Maksim Znak bu ma'lumotni tasdiqladi: «U binoni mustaqil tark etdi. Hozir ketaman, dedi va ketdi. U bilan hammasi joyida, telefoni yoniq, menimcha nima bo‘lganiga o‘zi izoh beradi, mening xabarim yo‘q», degan advokat.

MSK Tixanovskayaning arznomasini qabul qilgan va ro‘yxatdan ham o‘tkazgan. Tixanovskaya MSKdan chiqqach, matbuot kotibi Anna Krasulinaga «Men qaror qabul qildim», degan va noma'lum tomonga qarab ketgan. Shundan keyin Tixanovskaya bir muddat ko‘rinish bermagan. Uning telefoni ishlagan, ammo qo‘ng‘iroqlarga javob bermagan.

Tixanovskayaning maslakdoshi bo‘lgan Mariya Kolesnikova seshanba kuni MSKda nima bo‘lgani haqida gapirib berdi. Uning aytishicha, saylov natijalari bo‘yicha arznoma berishga borgan Tixanovskaya MSKda kuch ishlatar tizimlardagi ikki yuqori lavozimli mansabdor bilan gaplashgan. Kolesnikovaning aytishicha, Tixanovskayaning odamlarni ko‘chaga chiqmaslikka chorlagan murojaati bosim ostida yozdirib olingan bo‘lishi mumkin.

Tixanovskaya videomurojaatdan so‘ng mamlakatni tark etgach, unga qarata har xil fikrlar bildirilmoqda. Uning maslakdoshi Mariya Kolesnikova do‘stini qo‘llab-quvvatladi: «Sveta, agar meni eshitayotgan bo‘lsang, sen – qahramonsan. Sen Belarus uchun ko‘p narsa qilding», dedi u.

Internetda ko‘pchilik Tixanovskayani qo‘llab-quvvatlab, izohlar qoldirgan. Ulardan birida shunday deyiladi:

«Unga o‘tkazilgan bosim oldida har birimiz sinishimiz aniq edi, lekin hammamiz ham 9,5 million xalqning mas'uliyatini bo‘ynimizga olib, prezidentlikka nomzodimizni qo‘ya olmasdik».

YuKOS sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiy Tixanovskayaning mamlakatni tark etishini o‘zining taqdiri bilan solishtirib, hatto unga qarshi ham yumshoqroq munosabatda bo‘lishganini yozdi.

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy Tixanovskayaning MSKda yozilgani aytilgan murojaatini bosim ostida amalga oshirilganini aytdi. «U yerda faqat tomoqqa qadalgan pichoq yetishmadi. U erining tomog‘ida bo‘lsa ham, ajablanmagan bo‘lardim. Bu asiraning murojaati», degan Navalniy.

YouTube foydalanuvchilaridan biri Tixanovskayaning namoyishlarga aloqasi yo‘qligini aytdi: «Sen namoyishlar ramzisan, yetakchisi emas. Biz o‘zimiz amallaymiz».

«Siz Belarusning ramzisiz, mamlakat uchun ko‘p ish qildingiz», «Tixanovskaya o‘z vazifasini bajardi – odamlarni birlashtirdi», deb yozishgan boshqa foydalanuvchilar.

Bojina Rinska ismli foydalanuvchi Feysbukda juda ta'sirli post qoldirdi:

«Tixanovskaya odamlarga ko‘chaga chiqmanglar, deganida yig‘lab yubordim. Biz ukrainaliklar turib berolmagan narsaga belaruslar turib berishini shunchalik xohlardimki!»

Ma'lumot uchun, dastavval Svetlana Tixanovskayaning turmush o‘rtog‘i Sergey Tixanovskiy prezidentlikka nomzodini qo‘ygandi. Ammo uni qo‘lga olishgach, xotini Svetlana Tixanovskaya kampaniya boshlab, o‘z nomzodini olg‘a surdi. U saylov kampaniyasi vaqtida farzandlarini xorijga yuborgandi.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top