11:40 / 16.08.2020
12127
Intervyu: Inha rektori universitetlarning brend masalasi, stipendiya tizimiga qarshiligi va kontrakt to‘lovlari haqida

Bir muddat avval Kun.uz saytida Toshkent shahridagi INHA universiteti rektori Muzaffar Jalolov bilan uyushtirilgan suhbatning birinchi qismi e'lon qilingan edi.

Unda O‘zbekistondagi va xorijiy OTMlardagi o‘qish sifati, mahalliy oliy ta'lim muassasalarimizga xalqaro reytinglarda yuqorilash uchun yetishmayotgan omillar, INHAning nega haligacha O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tkazilmagani, korrupsiyasiz ham tashkil qilinayotgan kirish imtihonlari hamda universitetda o‘quv jarayonlariga oid boshqa mavzular muhokama qilingandi.

Quyida intervyuning ikkinchi qismi bilan tanishishingiz mumkin. Unda universitetlarga tayyorlovchi pulli kurslar ochish masalasi, INHAning hali ham akkreditatsiyadan o‘tmagani sabablari, bitiruvchilarning ishga joylashishi, universitetlarning brend masalasi, stipendiya va kontrakt to‘lovlari va boshqa mavzularda so‘z boradi.

— INHA universitetining abituriyentlar tayyorlovchi o‘z pulli kurslari bor.

Bu kurslarda o‘qigan ko‘pchilik yoshlar eshitishimizga qaraganda, janubiy koreyalik mutaxassislar tomonidan olingan imtihon natijalariga ko‘ra, INHA universiteti talabasiga aylanadi.

Ayting-chi, mahalliy OTMlarimizda ham shunday pulli kurslar tashkil qilish qanchalik samara beradi? Shuningdek, sizningcha, bu kabi pulli kurslarni bizning OTMlarda ochish uchun nima xalaqit bermoqda?

— Bu tayyorlov kurslari nafaqat INHAga, balki, bu kurslarda o‘qib siz o‘zingiz xohlagan boshqa universitetlarga ham kirishingiz mumkin.

Bu kurslarda asosan uchta yo‘nalish: matematika, fizika va ingliz tilida abituriyentlar tayyorlanadi. Bu tayyorlov kurslarida o‘qigan yoshlar uchun biz alohida kvotalar ajratamiz, buyam bor. Chunki bu dasturni koreyalik mutaxassislar nazorat qilib turadi. Tayyorlov kursi bo‘lsa ham.

Bilasizmi, bizda universitet qoshida akademik litsey yo‘q. Agar litsey yoki kollejimiz bo‘lganda edi biz shu tizimni kuchaytirgan bo‘lardik. Hozir biz tayyorlov kurslariga 200 yoki 300tadan ko‘p bola ololmaymiz.

Bu tayyorlov kurslarimiz 9 oyga mo‘ljallangan. Litseylarda shuni chuqurroq o‘rgatish mumkin.

Menimcha, OTMlar qoshida pulli kurslar tashkil qilishdan qochish kerak emas. Bizda shunday muammo bor: qaysidir loyihani pulli qilsangiz atrofdagilar darrov gapiradi, «bu cho‘ntagiga pul ishlash uchun qilyapti», deb.

Vaholanki, siz qaysidir tizimni rivojlantirish uchun malakali o‘qituvchilarni jalb qilaman desangiz, u arzon turmaydi. Deylik, siz matematika sohasida xalqaro darajadagi malakali o‘qituvchini jalb qilaman desangiz, unga xalqaro darajada pul to‘lashingiz kerak.

Biz tayyorlov kurslariga chaqirilgan o‘qituvchilarga ham katta pul to‘laymiz. Shu sababli ham, tayyorlov kurslarimiz pulli tashkil qilingan.

— Hozir bu tizimni yo‘lga qo‘yish uchun ruxsat yo‘qmi yoki universitetlarni o‘zi shu tizimni yo‘lga qo‘ya olmayaptimi?

— Savolingizga aniq javob bera olmayman. Chunki noto‘g‘ri javob bergandan ko‘ra to‘g‘risini aytish kerak. Lekin shu tizimni bo‘lgani foydaliroq.

— Intervyuga tayyorgarlik davomida INHA universitetini O‘zbekistonda hali ham akkreditatsiyadan o‘tmaganini aniqladim. Xo‘sh, nega bu jarayon nufuzli universitetda kechikmoqda? Bunga hafsalasizlik sababmi yoki boshqa qandaydir byurokratik to‘siqlar bo‘lyaptimi?

Adashmasam, yangi ochilgan universitetlar 5 yilda akkreditatsiyadan o‘tishi kerak.

— Universitet 2014 yilda prezident qarori bilan ochilgan edi. Qarorda universitetning 5 yil ichida akkreditatsiyadan o‘tgan deb hisoblanishi aytilgan edi. 2019 yilda 5 yil o‘tdi. Biz bu muddat o‘tishini ham kutmay yozda harakatlarni boshladik.

Bilasizmi, akrreditatsiyadan o‘tish bir necha bosqichlardan iborat bo‘ladi. Bunda akrreditatsiyadan o‘tkazish uchun Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mas'ul organ hisoblanadi. Birinchi bosqichda inspeksiya bizni akkreditatsiyadan o‘tkazishni o‘z rejasiga kiritadi. Bizni universitet 2020 yilning aprel oyida shu jarayondan o‘tishi belgilandi.

Ikkinchi bosqich esa ular yuborgan savolnoma asosida joyida o‘rganish tashkil qilish. Ya'ni, haqiqatda shu universitet bormi, aytilgan talaba o‘qiyaptimi, auditoriya, o‘qituvchilari bormi mazmunida.

Biz bu bosqichlardan ham o‘tdik. Bizda faqat uchinchi bosqich qolyaptiki, bu talaba va professor, o‘qituvchilarning bilimini baholash. Aynan shu bosqichda to‘xtab qolganimizning sababi bu – karantin. Agar karantin bo‘lmaganda biz shu paytga qadar akkreditatsiyadan o‘tib bo‘lgan bo‘lardik.

— Buni nega so‘radimki, shu universitetni bitirgan va keyingi bosqichni chet elda o‘qimoqchi bo‘lgan yoshlar Germaniya yoki Yevropaning boshqa davlatlarida muammoga duch kelgan. Ular ayni akkreditatsiya muammosi sabab o‘qishga kirolmay qolgan.

— To‘g‘ri aytayapsiz. Bu haqiqatda bor muammo. Shu muammoni hal qilish uchun ham biz hozir Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda ishlayapmiz.

Universitetimiz prezident may oyida oliy ta'lim bo‘yicha tasdiqlagan qaror bo‘yicha yilni oxirigacha akkreditatsiyadan o‘tgan deb hisoblanadi. Biz kuzda o‘qituvchi va talabalarimizning bilimini baholash jarayonini to‘liq tugatamiz.

Bizda hozirga qadar ikki marta bitiruvchilar chiqdi. Ular hozir ham chet eldagi xalqaro universitetlarda o‘qishyapti. Muammo faqat Germaniya bilan. Chunki Germaniyada grandlar ko‘p bo‘lgani uchun bizning talabalar ham ko‘proq Germaniyaga o‘qishga topshirishadi.Lekin Germaniya judayam konservativ davlat.

Ularda maxsus «anabin» nomli bir baza borki, biz unga kirganmiz, lekin hali ham minus ko‘rsatkichda turibmiz. Xudo xohlasa, shu yilni oxirigacha bu jarayondan to‘liq o‘tamiz.

— Mahalliy Oliy ta'lim muassasalarida bir muammo bor, bu –bitiruvchilarning ishga joylashishi masalasi.

Juda ko‘p holatda universitetlar so‘ralgan joylarga bitiruvchilarni ishga joylashdi degan soxta hujjatlarni berib yuborishadi.

INHA universitetida sanoat va ish beruvchilar bilan hamkorlik tizimi qanday yo‘lga qo‘yilgan? Bu borada universitetning mahalliy OTMlarga joriy qilish mumkin bo‘lgan tajribasi bormi?

— Bilasizmi, bu yerda birinchi omil universitetning brendi masalasi. Shu omil juda muhim. Hozir INHA talabasi deyishsa boshqacha qarashadi. Men bu yerda IT dasturlash va ingliz tili darajasi tomonlama gapiryapman.

Shuningdek, bu yerda yana bir omil bor, bu – diplom masalasi. Bizda o‘tgan yildan boshlab talabalarga xalqaro darajadagi Janubiy Koreya universitetining diplomi berilmoqda.

Tasavvur qiling, talabamizda hukumat tasdiqlagan xalqaro darajadagi universitet diplomi va bilim bor. Albatta unga 3 kursdan boshlab talab katta bo‘ladi. Bizning talabalarni to‘rtinchi kursga kelib to‘liq saralab olishadi.

Ular aytishadiki, biz 10 ta talabangizga grand beramiz, shartnomalarini to‘lab beramiz. Bizga shularni bering, deb.

Bizda maxsus bo‘lim ochilgan. Bu bo‘lim talabalarni o‘qish va sanoat bilan bog‘lash uchun mahalliy va xalqaro hamkorlar bilan ishlaydi.

— Demak bu yerda hamma narsani brend masalasi hal qiladi?

— Albatta.

— Yaqinda olgan ma'lumotim bo‘yicha, universitetda talabalarga stipendiya to‘lanmas ekan. Ularni rag‘batlantirish uchun esa boshqa turli uslublardan foydalaniladi.

Ayting-chi, talabaga stipendiya to‘lamasdan qilinadigan bu rag‘batlantirish qanday ishlaydi?

— Haqiqatdan, bizni universitetda talabalar stipendiya olmaydi. Bizda stipendiya tizimi yo‘q.

To‘g‘risini aytsam, men o‘zim ham stipendiya tizimiga qarshiman. Bilaman, talabalar bu fikrimni qo‘llab-quvvatlashmaydi, lekin shaxsiy fikrim bo‘yicha, stipendiya bolani buzadi.

Talabani o‘qishga boshqa tarafdan qiziqtirish kerak. Biz buning o‘rniga talabani rag‘batlantirish tizimi orqali ishlaymiz. Bu tizim bizda har yili qayta ko‘rib chiqiladi.

Universitetimizda o‘nta grand bor. Ya'ni, bu talabalar o‘qishga kirganda beriladigan grand. Har yili 420 nafar talabani o‘qishga qabul qilsak shundan o‘ntasiga grand beriladi. Lekin bu grand ham talabalarga oxirgi kursgacha berilmaydi.

Deylik talabaning o‘rtacha hisob bali yil yakuniga qarab umumiy talabalarning sonining o‘rtasidan tushib ketsa u grandidan mahrum bo‘ladi.

Endi har yilgi rag‘batlantirish tizimi haqida.

Talaba har semestr oxirida GP nomli reytingga o‘xshash tizim bo‘yicha reyting qilinadi. Unga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan 10 nafar talaba keyingi semestrning kontrakt to‘lovidan ozod qilinadi. Bu 100 foizli grand. Keyingi 10 nafar talaba 75 foiz, keyingi 10 nafari 50 foiz. Biz shunday qilib har yili 20 nafar talabani universitetning ichki tartibi bo‘yicha rag‘batlantiramiz.

Endi stipendiyalar haqida.

Bizda xalqaro hamkorlar, ish beruvchilar tomonidan beriladigan grandlar bor. Bundan tashqari, har yili 10 nafar talabamiz yozgi ta'til paytida Janubiy Koreyaga borib, bir oy bepul o‘qib keladi.

Men o‘zim magistratura bosqichini Janubiy Koreyada o‘qiganman. Ularda «scholarships» deyishadi, haqiqatda grand yutganman. Va grandim faqat o‘qishimni to‘lab bergan.

Bundan tashqari, raqamli signallarni boshqarish laboratoriyasida ishlardim. Bu yerda professorim ma'lum bir oylik to‘lardi. Bu ham bir rag‘batlantirish edi. Biz bu loyihalarda ishlab o‘zimizni ko‘rsatardik.

Hozir mahalliy universitetlarimizda ko‘pchilik talabalar baho uchun o‘qiydi. Ular o‘qituvchiga stipendiyani yaxshiroq olmoqchi ekanini aytib, domladan yaxshiroq baho qo‘yib berishni so‘raydi. O‘rtaga pul, korrupsiya aralashadi.

Stipendiyani olib tashlash kerak. Talabalar noto‘g‘ri tushunishadiki, uni kontrakt summasiga bog‘lashadi. Yo‘q, bu alohida mavzu. Chunki universitetning xarajatlari turibdi.

Stipendiya to‘lovlari davlat tomonidan qoplanayotgani uchun o‘ylaymanki, shu tizimni ko‘rib chiqish kerak. To‘g‘ri, talabani rag‘batlantirish kerak, lekin hozirgi stipendiya to‘lash tizimi talabani faqat buzadi.

Mahalliy OTMlarda kontrakt summasi shundoq ham kichkina.

Mana sentyabrdan o‘qishlar onlayn boshlanadi, lekin ko‘pchilikda noto‘g‘ri tushuncha bo‘lyaptiki, o‘qish onlayn bo‘lsa, xarajatlar kamayishi kerak.

«Biz universitetga bormaymiz-ku, nega buncha pul to‘lashimiz kerak?», deyishadi. Kechirasiz-u, biz o‘qituvchilarga haliyam o‘sha summani to‘layapmiz, koreyalik hamkorlarga to‘laydigan pulimiz bor.

Yaqinda onlayn darslardagi yakkalanishni hisobga olib, internet uchun yangi server sotib oldik. Bizda qaytanga xarajatlarimiz oshib ketdi.

Talabalar to‘g‘ri tushunishi kerakki, darslar onlayn bo‘lgani bilan, kontrakt summasining o‘zgarishsiz qolayotganini o‘zi katta narsa. Mahalliy OTMlarda ham shunday. Bu yerda davlat xarajatlarning katta qismini to‘laydi.

Agar hozir kontrakt summasi kamaysa, ta'lim sifatini qanday qilib ushlaymiz?

— Intervyu uchun o‘zim tayyorlagan savollar yakunlandi. Endi esa, qarshi bo‘lmasangiz, universitet talabalarining o‘zlari bilan gaplashib olgan savollarimni sizga bersam.

— Marhamat.

— INHA universitetining A binosida uchta kutubxona bor edi. Birinchi qavatdagi kutubxona juda tinch va dars qilish uchun qulay joy edi. Yaqindan kutubxonani 4 - qavatga ko‘chirib o‘rnini coworking markazga ijaraga berib yuborishdi.

Hozir ikkita kutubxonada talabalar ancha siqilib qolgan va dars tayyorlash uchun imkoniyat yaxshi emas. Nega yaxshi bir kutubxona o‘rnini bizga keraksiz coworking uchun berib yuborishdi?

— Bu yerda ozgina noto‘g‘ri talqin bo‘lyapti. Biz hech narsani hech kimga ijaraga berganimiz yo‘q. Bu yerda coworking markaz talabalarning o‘zi uchun qilindi.

Bu yerda ham o‘qish, ham coworking markaz bo‘ladi. Biz bu yerda talabalarni saralab olib, maxsus o‘qitish xonasini tashkil qildik.

Bu yerga chetdan odam kirmaydi. Bizda haqiqatdan bino yetishmovchiligi muammosi bor. Bizda avval ham kutubxona 3-qavatda edi va uni o‘z joyiga qaytardik.

— Universitetning e-Class nomli internet tizimi bor. Bu yerda talabalar uy vazifalarni bajarishadi. Lekin saytga kirish muammo, xuddi 90-yillardagidek. Homeworkdeadline paytlari umuman ochib bo‘lmaydi.

— e-Class tizimi bu Koreya universitetining tizimi. Chunki ularni serverida turishi kerak. Yuqorida aytganimdek, bizda o‘quv tizimi to‘liq Koreyadagi mutaxassislar tomonidan nazorat qilinadi. Biz o‘tgan yildan beri taklif beryapmiz ularga bu tizimni va tezlikni yaxshilash bo‘yicha.

Bu yil tizimni o‘zimizning serverga ko‘chirish bo‘yicha ular bilan kelishdik. Xudo xohlasa, ahvol albatta yaxshilanadi. Tezlik ham oshadi.

— 3 yil avval INHA rahbariyati talabalarga o‘zimizning talabalar yotoqxonasini ochish bo‘yicha va'da bergan edi. Ammo mana shuncha vaqt o‘tdiki, talabalarimiz hamon TATUning yotoqxonasida ijarada turishadi.

— To‘g‘ri, yotoqxona masalasi men uchun eng strategik masalalardan biri. To‘g‘risini aytsam, bugun rektorligimga ikki yil bo‘ldi. Bu yerga kelganimda o‘zimga bir nechta strategik vazifalar belgilab olganman. Bu: Koreyani diplom masalasini hal qilish, magistratura ochish (yangi yildan ochyapmiz buni ham) va yotoqxona masalasi.

Va'da beraman, yangi o‘quv yilida uni ham albatta ochamiz.

— Bu yil bitirayotgan talabalar auditoriyada 100-120 kishi bo‘lib o‘tirdik. Chet eldan kelgan professorlarimiz ham biroz qiynalishdi. Chunki shuncha talabaga dars o‘tish juda qiyin.

— To‘g‘ri, bu muammo ham bor. Professor o‘qituvchilarda ba'zi bir fanlar bo‘yicha yuklamasi katta. O‘qituvchilarni ko‘paytirish masalasini biz bu o‘quv yilidan ko‘rdik. Ya'ni, endilikda har bitta professorga talabalar soni auditoriyada 40-50 nafardan oshmaydigan bo‘lyapti.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi: Sherzod Egamberdiyev.

Top