18:36 / 16.08.2020
3149
SSV: xususiy shifoxonalarning aksariyatida qat'iy rioya qilinishi lozim bo‘lgan qoidalarga amal qilinmagan

Sog‘liqni saqlash vazirligi davolash standartlariga ham davlat, ham xususiy shifoxonalar birdek amal qilishini ma'lum qildi.

«Ayni kunlarda internet tarmog‘ida koronavirusga chalingan bemorlarni davolovchi nodavlat tibbiyot tashkilotlari atrofida turli munozaralar bo‘lmoqda. Bunga ma'lum ma'noda amaldagi huquqiy hujjatlardan bexabarlik ham sabab bo‘lyapti, deyish mumkin. 

Prezidentimizning 2020 yil 26 martdagi «O‘zbekiston Respublikasida Koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan xususiy shifoxonalarga koronavirus infeksiyasini davolashga ruxsat berilgan edi. 

Mazkur qarorda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun xususiy shifoxona Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan tegishli shartnomani tuzganidan keyingina bu yo‘nalishda faoliyat boshlashi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan. 

Shuningdek, tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizomda ham nodavlat tibbiyot muassasalari sanitariya-epidemiologiya qoidalariga, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan va xalqaro tibbiy amaliyotda sinovdan o‘tgan diagnostika va davolash standartlariga rioya qilishi lozimligi alohida belgilangan», deyiladi vazirlik xabarida.

Lisenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasi boshlig‘i Farhod Rahimqulov tibbiy faoliyatni yuritishga qo‘yilgan talablar davlat shifoxonalari uchun ham, xususiy shifoxonalar uchun ham birdek amal qilishini ma'lum qilgan.

«Shuning uchun mulkchilik shaklidan qat'i nazar har bir tibbiyot muassasasi Sog‘liqni saqlash vazirligining diagnostika va davolash standartlariga to‘liq rioya qilishi shart. Bu talablar buzilgan taqdirda, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalarida bevosita tibbiyot xodimlariga nisbatan chora ko‘riladi. Xususiy shifoxonalarda esa tibbiy faoliyatga olingan litsenziyaning amal qilinishi, shu jumladan, uning sud tartibida bekor qilinishi ko‘zda tutilgan», deydi vazirlik vakili

Ma'lum qilinishicha, shu yilning 4-6 avgust kunlari Toshkentdagi koronavirusga chalingan bemorlarni davolayotgan 14ta xususiy shifoxona monitoring qilinganida, ulardan 7tasi yuqorida nazarda tutilgan shartnomani imzolamasdan faoliyat ko‘rsatgani aniqlangan. Shuningdek, xususiy shifoxonalarning aksariyatida qat'iy rioya qilinishi lozim bo‘lgan «qizil», «sariq», «yashil» hudud qoidalariga amal qilinmagani, aniq bir davolash taktikasi mavjud emasligi, infuzion suyuqliklar va antibiotiklar keragidan ortiq qo‘llangani ma'lum bo‘lgan.

«Bu holat, tabiiyki, yuqumli kasallikning tibbiyot xodimlariga yuqishi bilan birga, eng achinarlisi, bemorlar ahvolining og‘irlashishiga ham sabab bo‘ladi», deyiladi xabarda. 

Farhod Rahimqulovning ma'lum qilishicha, ayrim xususiy shifoxonalarga koronavirusning yengil shakli bilan yotqizilgan bemorlarning ahvoli keyinchalik yomonlashib, kasallik og‘ir shaklga o‘tib ketgach, davlat tibbiyot muassasasiga o‘tkazilgani yoki vafot etgani aniqlangan. Shifoxonalarda zarur uskuna va jihozlar, soha bo‘yicha mutaxassislar yetishmasligi bunday noxush holatlarning oldini olishga imkon bermagan.

«To‘g‘ri, og‘ir damlarda bemorlarni qabul qilib, tegishli davolash standartlari va tavsiyalari asosida koronavirusga chalinganlarga tez va sifatli tarzda tibbiy xizmat ko‘rsatib, murakkab vaziyatni yumshatishda yaqindan yordam bergan xususiy shifoxonalar ham talaygina. Shu o‘rinda ularning faoliyati chinakam e'tirofga haqli.

Sog‘liqni saqlash vazirligi xususiy shifoxonalarga koronavirusni davolash bo‘yicha hech qanday cheklov qo‘ymagan. Faqat ushbu faoliyatni qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirish lozimligini, agar tartibga rioya qilinmasa, huquqiy ta'sir chorasi mavjudligini eslatib kelmoqda, xolos. Inson salomatligi haqida gap ketganda, davlat tibbiyot muassasalarida bo‘lgani kabi xususiy shifoxonalardan ham barcha qoidalarga so‘zsiz rioya qilish talab qilinadi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi  Jamoatchilik bilvan aloqalar bo‘limi xabarida. 

Ma'lumot uchun, ayni paytda Toshkent shahrida 21ta, viloyatlarda 4ta xususiy shifoxona koronaviruc infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolab kelmoqda.

Top