15:29 / 18.08.2020
11783

Bu yilgi kirish imtihonlarida ota-onalar uchun alohida kutish joylari tashkil qilinmaydi

Bu yilgi imtihonda oldingi yillardagi kabi ota-onalar uchun alohida kutish joylari tashkil qilinmaydi. Abituriyentlarga test vaqtidan 1 soat oldin sinov o‘tkaziladigan hududga kelishi tavsiya etiladi.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi

18 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov kirish imtihonlariga tayyorgarlik to‘g‘risida ma'lumotlar berdi.

«Kirish imtihonlari 2 sentyabrdan boshlanadi va 12 kun davom etadi. Test 2 smenada tashkillashtiriladi. 1-smena soat 8:00dan 10:00gacha, 2-smena esa soat 17:00dan 20:00gacha 3 soat davom etadi.

Toshkent shahri va Toshkent, Farg‘ona viloyatlarida 6tadan, Samarqand, Namangan, Surxondaryo viloyatlarida 4tadan, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3tadan, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida 2tadan, Jizzax, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida 1tadan hudud (stadion) test o‘tkazish uchun belgilangan», dedi Shohrux G‘iyosov.

Qayd etilishicha, test sinovlarida 1 361 473 nafar abituriyent ishtirok etishi kutilmoqda. Stadionlarga kirishda alohida punktlardan o‘tish talab etiladi. Hududlar kuzatuv kameralari bilan ta'minlanadi.

Shohrux G‘iyosov har bir abituriyent sinovga tekshiruvdan o‘tkazib kiritilishini ma'lum qildi.

«Har bir abituriyent kirishdan oldin alohida tekshiruvdan o‘tkaziladi. Shuning uchun ulardan o‘zlari bilan ortiqcha narsa olib kelmaslikni so‘raymiz.

Bundan tashqari, bu yilgi imtihonda oldingi yillardagi kabi ota-onalar uchun alohida kutish joylari tashkil qilinmaydi. Test o‘tkaziladigan hududlarga olib keluvchi avtomobil yo‘llari kamida 1,5 kilometr masofada beton to‘siqlar yoki yuk avtotransportlari bilan yopiladi. Bularning barchasi zaruriy xavfsizlik choralari hisoblanadi.

Abituriyentlar va ularning ota-onalaridan shunday cheklov choralariga oldindan tayyorgarlik ko‘rishlarini so‘raymiz. Abituriyentlarga test vaqtidan 1 soat oldin sinov o‘tkaziladigan hududga kelishi tavsiya etiladi», - dedi u.

IIV vakilining qo‘shimcha qilishicha, abituriyentlarni tashish uchun alohida avtobuslar tashkillashtirish ham rejalashtirilmoqda. 

Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top