07:46 / 19.08.2020
3925
Toshkentdan Bo‘stonliqqa avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hamda poytaxt aholisiga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent shahri “Mashinasozlar metro bekati” – Bo‘stonliq “Yusufxona qo‘rg‘oni” yo‘nalishida yangi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi.   

Foto: Transport vazirligi

Mazkur yo‘nalishda qatnovning tashkil etilishi bilan dam olish kunlari tog‘ yonbag‘rida maroqli hordiq chiqarish istagida bo‘lgan poytaxt aholisi uchun Bo‘stonliq tumaniga qulay sharoitda borib kelish imkoniyati yaratildi.

Transport vazirligi xabariga ko‘ra, avtobus yo‘nalishining masofasi bir tomonga sal kam 83 km.ni tashkil etadi. Avtobuslar ushbu masofani 1 soat 35 daqiqada bosib o‘tadi.  Ushbu yo‘nalishga Toshkent viloyati Qibray tumaniga qarashli “Toshkent viloyati shaharlararo yo‘lovchi tashish avtosaroyi” MChJ tomonidan zamonaviy, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan YUTONG avtobuslarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatiladi.

Harakatlanish jadvaliga muvofiq bir kunda 18 ta qatnov amalga oshiriladi. Har kuni soat 6:00 da ilk avtobus “Mashinasozlar metro bekati”dan yo‘nalishga chiqadi. Kun davomidagi oxirgi avtobus qatnovi “Yusufxona qo‘rg‘oni” dan soat 20:55 Toshkent shahri tomon yo‘lga chiqadi.

Ushbu yo‘nalishda yo‘lkira haqi 10 000 so‘m etib belgilangan.

Bildirilishicha, avtobus qatnovi bosh vazir tomonidan  “Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tumandagi mavjud muammolarni bartaraf etishni jadallashtirish choralari to‘g‘risida” o‘tkazilgan yig‘ilishda Transport vazirligiga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta'minlash doirasida tashkil etildi.  

Top