07:44 / 20.08.2020
2717
Liviya sohillari yaqinida 45 nafar qochqin cho‘kib ketdi

Bir guruh muhojirlarning Liviyadan Yevropaga o‘tishga urinishi fojiali tugadi. TASS axborot agentligining xabar berishicha, fojia oqibatida 45 kishi Liviya sohillari yaqinida cho‘kib ketgan. 

BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi va Xalqaro migratsiya tashkilotida yuz bergan voqea “Liviya sohillari yaqinida joriy yilda yuz bergan eng yirik kema halokati” deb baholangan.  

Qochqinlar O‘rta yer dengizini kechib o‘tishga urinishi vaqtida ular ketayotgan eski kema dvigateli portlab ketgan. Portlash vaqtida kemadagi odamlarning aksariyati, jumladan 5 bola halok bo‘lgan.

Mahalliy baliqchilar 37 kishini qutqarib olishgan. Ular orasida Senegal, Mali, Chad va Gana fuqarolari bo‘lgan.

Insonparvarlik tashkilotlari O‘rta yer dengizi davlatlariga o‘z qirg‘oqlari yaqinida qutqaruv operatsiyalari o‘tkazishi hamda qochqinlar kontrabandachilar va odam savdogarlari qo‘liga tushib qolmasligiga yo‘l qo‘ymasligi iltimosi bilan murojaat qilgan.

Top