19:08 / 23.08.2020
14574

Startap nima va uni qanday yuritish kerak? Ekspert Umid Abdusattorov bilan suhbat

Startap nima va pulsiz ish boshlash mumkinmi? Napa Automative kompaniyasi rahbari hamda Napa texnoparki asoschisi, axborot texnologiyalar sohasi mutaxassisi Umid Abdusattorov Kun.uz'ning «Erkin suhbat» ko‘rsatuvida startap loyihalarni amalga oshirishga oid turli savollarga javob berdi. U tajribasida yo‘l qo‘yilgan xato va ayni paytda sohada kuzatilayotgan kamchiliklarni ham ma'lum qildi.

Ma'lumot uchun, startap ingliz tilidan tarjima qilinganda «boshlovchi, boshlang‘ich» ma'nolarini anglatuvchi, faoliyati boshlanganiga oz muddat o‘tgan kompaniya yo tashkilotni anglatadi. Ushbu termin birinchi marta 1976 yili Forbes jurnalida ishlatilgan. Ammo startap tushunchasi 90 yillarda internet-kompaniyalar aksiyalari yuqori qiymatga ega bo‘la boshlaganda keng ishlatila boshlangan.

— Umid aka ayni paytda nimalar bilan bandsiz? Axborot texnologiyalari juda tez o‘zgaryapti. Jarayon haqida so‘zlab bersangiz.

— Pandemiya sabab ko‘p loyihalarimizni onlayn formatga o‘tkazib, shu tizimda ishlashga moslashdik, desam ham bo‘ladi. Shu kunlarda IT kompaniyalar bilan bog‘lanib talabalarni ishga joylash bilan shug‘ullanyapmiz.

— Pandemiya IT sohasidagilar biznesiga qanday ta'sir ko‘rsatdi?

— Sohamiz haqida gapirsam, pandemiyada «sezon»bo‘ldi deya olaman. Chunki barcha bizneslar avtomatlashgan tizimga, elektron formatga o‘tdi. Pandemiya IT tadbirkorga ikki taraflama imkoniyat berdi. Qaysidir kompaniyalar qamrovi, moliyaviy qudrati kengaydi. Misol uchun «Zum» tarmog‘ini olsak, karantin davrida talab juda yuqori. Lekin bizga o‘xshagan avtomotlashgan veb-sayt qiladiganlarga biroz qiyin bo‘ldi. Avtomatlashtiramiz degan ishlarimiz to‘xtadi. Aytishim kerak, ayrim IT kompaniyalarda bu davr qiyin kechdi. Ko‘p kompaniyalar pandemiyadan oldin qiynalib ishlashardi. Sababi ishlash tizimi elektron bo‘lib, ularga talab kam edi. Misol uchun «E-bozor», «My taxi» tizimlarida pandemiya davrida xaridorlar keskin ko‘paydi. Qo‘shnimiz to‘yxonasi yopilib, hududi qizil bo‘ldi. Shunda u to‘yxonasini oziq-ovqat bozorchasi qilib ochdi. Hozir odam xaridor ko‘p. O‘zi umuman olganda tadbirkor uchun har kuni tavakkal.

— O‘zbekistonda hozirgi paytda tadbirkorlik xususan, IT sohasi rivojlana boshladi. Ko‘p narsa internetga bog‘liqligi uchun rivojlanmay turgandi. Hozirda yoshlar startap loyihalar boshlash haqida ko‘p gapirishadi. Sizningcha startap loyiha deganda nimani tushunish kerak?

— Startap so‘zini hamma o‘zicha talqin qiladi. Men yaqinda Isroilda startap bo‘yicha 15 kun o‘qib keldim. Menimcha, startap noyob g‘oyalarga ega biznes turi. Amerikadagi g‘oyani O‘zbekistonga olib kelsa, startap bo‘ladimi desa, men «ha» deyman. Chunki adaptatsiya qilish ham murakkab ish hisoblanadi. Bizda biror kompyuter sotib olsangiz yaxshi chiqsa indamaysiz. Yomon chiqsa, ba'zilar gapiradi, boshqalar jim. Amerikada qanday chiqsa, o‘shanday deb yozadi. Odamlar samimiy qabul qilishadi. Yaxshi mahsulot bo‘lsa, yaxshi ekan deyishadi, yomon bo‘lsa, yomon. Menimcha, mana shu odatni o‘zimizga ham olib kirish kerak. Chunki xaridorlarga nima ma'qul, nima noma'qul bilib olish oson kechadi.

— Startaplarning ko‘pi onlayn yoki avtomatlashgan bo‘ladi. Bu haqda fikringiz qanday?

Albatta, oflayn startaplar ham ko‘p. Men Amerikada ko‘p ko‘rganman. Startap deganda nima uchun IT tushuniladi desangiz, chunki hozir IT kirmagan soha qolmadi. Tasavvur IT bilan qolib ketgan. Mana yaqinda bitta startap qilishdi. Ertalab soat 7.30-8 da kelib, sizga ikkita issiq non, qaymoq, uzum olib kelib beradi. Bu nima startap deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin siz ertalabda Chig‘atoy bozorga tushib non, uzum olishga erinasiz. Ha, bu odam shuni o‘yladi va bajaryapti. Issiq qilib olib kelyapti. Odamlar taksiga ham pul berishmoqda. Aytmoqchimanki, startap faqat IT'dan iborat emas. Agar bir odamni boshlagan biznesi yurishsa, qo‘shnisi uni ko‘rib xuddi shunday bir xil biznes boshlasa, bu startap bo‘lmaydi. Ha, yangilik kiritsa, originallik bo‘lsa,keyin startap bo‘ldi.

— Siz ko‘p loyihalar muallifisiz. Startapni boshlash yo‘llarini ayting. Yozilmagan qoidalari bo‘lsa kerak har qalay?

— Yashirmayman. Hozirga qadar 15ga yaqin loyihaga qo‘l urildi. Bugungi kunda 2ta reklama, 1ta farmatsevtika yana bitta ta'lim sohasida jami 4 ta startapimiz ishlamoqda. Ko‘pchilik «startap boshlash uchun pul kerak»,​ deb o‘ylaydi. To‘g‘ri, men ham boshida shunday o‘ylardim. Birinchi bo‘lib faqat pul qidirganman. G‘oya bo‘lgan, bir yarim yil investor qidirganman. Agar shu vaqt ichida g‘oyamni bir qismini amalga oshirganimda edi, juda yaxshi natijalarga erishgan bo‘lar edim. Hozir o‘ylab, shu o‘tgan vaqtga achinaman. Agar startap qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo o‘zingiz qiziqishingizga qarang. Siz ko‘chada kimnidir biznesi zo‘r bo‘layotgani uchun emas, aynan shu narsani qilish uchun ham emas, siz qaysi sohani ustasisiz. Shu bo‘yicha nimadir qila olsangiz, shunga kirishing. Biz hozirda yosh IT mutaxassislarini tanlab, kompaniyalarga ishga taklif qilmoqdamiz. Agar startap boshlamoqchi bo‘lsangiz birovni puliga umuman ishonmang. O‘zingni pulingiz bo‘lsa, qiling. Chunki bu ishni hamma ham qila olmaydi.

— Qachon investor qidirish kerak, buni belgisi bormi?

— Belgisi bor. Misol uchun biznesimizni boshladik. Talabalarni yig‘yapmiz. Ularni ishga tayyorlayapmiz va kompaniyalarga taklif qilyapmiz. Va ular ishga kirib, ishlashni boshlashdi. Shu jarayonda kompaniyalar sizga pul to‘laydi. Startap loyiha uchun investor qidirishni ana shu pul to‘langanidan keyin boshlang. Bu sohaga o‘zingizni pulingiz bilan kiring. Shunda yaxshi bo‘ladi. Baraka topasiz. Startap muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun uni har kuni yangilab, nazorat qilib turishi kerak. Biznes jonli organizmga o‘xshaydi. Muammolarga moslashgan insongina yaxshi biznes modelga aylanish mumkin.

— Kaliforniyadagi startap muhiti haqida gapirib bering. Biz u yerliklardan nimalarni o‘rganishimiz mumkin?

Startap yaxshi rivojlanishi uchun sifatli internet zarur. Hozir O‘zbekistonda 30 ta odam video aloqada o‘tirgan bo‘lsa, xiralashib, o‘cha boshlaydi internet. Birinchi o‘rinda internet yaxshi ishlashi kerak. Ikkinchi bosqich, bu qonunlar ishlashi, ularga amal qilish masalasi. Bugun ITchilarga yaxshi imtiyozlar berilyapti.. Hozir kim startap boshlamoqchi bo‘lsa, yaxshi g‘oyalari bo‘lsa kreditlar ham berilyapti. Lekin ko‘pchilik qo‘rqadi bu ishni boshlashga. Albatta, bu sohani tanlagan odam chiroyli muomala qilishni, taqdimotlarda chiqishni puxta o‘zlashtirishi kerak. Budjet qanchaligi, bu yil qancha, keyingi yil qancha sarmoya va daromad bo‘ladi barchasini bilishi zarur. Aytishim kerak, ikki uch yil oldin bugungidek sharoit yo‘q edi O‘zbekistonda. Ammo yanada yaxshi bo‘lmasak xorijdan ortda qolaveramiz.

O‘zbekistonda qaysi yo‘nalishlarda startaplar rivojlanayotganini ko‘ryapsiz? Kelajakda qanaqa soha yoki yo‘nalishda startaplar bo‘lishini, rivojlanishini ko‘proq istar edingiz?

—Faqatgina O‘zbekistonda emas butun dunyoda elektron savdo rivojlanyapti. Misol, Amerikada hech kim magazinga borib xarid qilmaydi. To‘g‘ri, borib aylanib ko‘rib, mahsulotni tanlaydi. Keyin tanlagan narsasini internetdan buyurtma beradi. Chunki internetda o‘sha narsa 20 foiz arzon bo‘ladi. Nega?Chunki svetga pul ishlatmaydi, joy solig‘i, sotuvchisi yo‘q. Do‘konning xarajati olib tashlanishi hisobiga arzon sotadi. Bizda hali unaqa darajaga chiqmadi. Shu tizim ishlashi kerak deb o‘ylayman. Agar bu ishlasa shu sohada muvaffaqiyatga erishiladi. O‘zbekistonda istalgan startapni rivojlantirsa bo‘ladi. Faqat xizmat ko‘rsatish sohasiga e'tiborni kuchaytirish zarur. Servis yaxshi ishlashi kerak. Shu narsa ham bizga hali kirib kelmagan. Bu ham biznesda eng muhim jihat deb bilaman. Men yomon ko‘rgan narsam bitta kompaniya rahbari bilan bog‘lanishingiz uchun murakkab bir yo‘lni bosib o‘tasiz. Chet elda bunday emas. Rahbar bilan bemalol bog‘lana olasiz. Aytmoqchimanki, bizda qachon startap yaxshi bo‘ladi, servis yaxshi bo‘lsa. Ikkita magazin bo‘lsa, qaysi biri yaxshi xizmat qilsa, go‘zal muomala qilsa, siz o‘shanga-yaxshisiga xaridor bo‘lasiz. Bu aniq.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi
Tasvirchi va montaj ustasi Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid
Top