O‘zbekiston | 19:30 / 25.08.2020
14231
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Rossiya universitetlari filiallariga kirish imtihonlari boshlandi

24 avgust kuni Toshkentdagi D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetiga kirish uchun ilk imtihon jarayonlari boshlandi. Imtihonlar 24-26-28 avgust kunlari uchta fan: matematika, kimyo va rus tilidan bo‘lib o‘tadi. Ta'kidlanishicha, kirish sinovlarini tashkil etish va o‘tkazishga “O‘zkimyosanoat” AJning 33 xodimi jalb etilgan. Umuman kirish imtihonlari 24-29 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.

Imtihonlar sanitariya-gigiyena qoidalariga va ijtimoiy masofani saqlash qoidasiga rioya qilingan holda ochiq havoda o‘tkazilmoqda. Imtihonga kirishdan oldin har bir abituriyentning harorati tekshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, ayrim sabablarga ko‘ra, kirish imtihonlarida qatnasha olmagan abituriyentlar uchun o‘tkazib yuborilgan imtihonni qayta topshirishlari mumkin. Buning uchun ular asosli sababni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishlari talab etiladi.

Abituriyentlar bir martalik tibbiy niqob, qo‘lqop, bosh kiyim, ruchka, suv va bir martalik stakanlar bilan ta'minlandi. Kimyo fani bo‘yicha imtihonda D.I.Mendeleyevning davriy jadvali va hisoblagich tarqatildi. Qayd etish lozim, imtihonlarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi texnik ko‘mak berib, imtihonlarning onlayn translatsiyasini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatdi.

D. I. Mendeleyev nomidagi RKTU Toshkent filialiga 2020-2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari quyidagi manzilda o‘tkazilmoqda:

Toshkent shahri, Olmazor tumani, Universitet ko‘chasi 4, 5.

(Talabalar shaharchasi maydoni, Beruniy metro bekatidan O‘zbekiston Milliy universitetiga chiqish tomon).

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 iyundagi PQ-4352-sonli qaroriga muvofiq Toshkent shahrida 2019-2020 o‘quv yilidan D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining filiali faoliyat ko‘rsatishni boshlagan edi.

24 avgustdan e'tiboran, shuningdek, Toshkent «MMFI» Milliy tadkiqot yadro universiteti filialiga kirish imtihonlari tashkil etila boshlandi. Toshkentdagi “Moskva muhandislik-fizika instituti” MTYaU o‘z faoliyatini 2019 yilning 3 sentyabr kuni O‘zbekistonning kelajakdagi atom elektr stansiyasiga kadrlar tayyorlash dasturi doirasida birinchi kursga 100 boshlagan edi.

Mazkur yilda karantin talablariga muvofiq holda o‘qishga hujjatlarni qabul qilish masofadan amalga oshirildi. Abituriyentlarning hujjatlari joriy yilning 1 avgustigacha oliy o‘quv yurtining sayti orqali "Yadro energetikasi va issiqlik fizikasi", "Yadro fizikasi va texnologiyalar", "Issiqlik energiyasi va issiqlik fizikasi", "Elektr energetikasi va elektrotexnika" yo‘nalishlariga bakalavriat mutaxassisliklari bo‘yicha qabul amalga oshirildi. Bu yil qabul komissiyasi tomonidan 731 ta abituriyent hujjati qabul qilindi.

Imtihonlar O‘zbekiston Milliy Universitet hududida, talabalar shaharchasi maydonida 24 avgustdan 29 avgustgacha bo‘lib o‘tadi. Talabalar matematika, fizika va rus tili fanlaridan imtihon topshiradilar. Har bir imtihon yozma ravishda olinib, bilimlar saviyasi 100 balli mezonda baholanadi. Shu jumladan, har bir imtihonda 40 ballik quyi chegara qo‘yilgan bo‘lib, undan past ball olgan abituriyentlar keyingi imtihonga qo‘yilmaydi va tanlovda ham qatnashmaydi. Kirish imtihoni natijalari OO‘Yu saytida e'lon qilib boriladi.

Eng ko‘p ball olgan yuz nafar talaba MMFI MTYaU Toshkent shahri filialida davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Uzrli sabablarga ko‘ra, imtihonlarning bittasiga kela olmagan abituriyent (kirish imtihoniga kelolmaganligining asosli sabablari bo‘lganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etgan holda) zaxira kuni (29 avgust) imtihon topshirish imkoniyatiga ega. Zaxira kuni faqat bitta imtihon topshiriladi.

MMFI MTYaU Toshkent shahri filiali haqida. MTYaU muhandislik-fizika mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha dunyoning eng salohiyatli universitetlaridan biri hisoblanadi. Dunyoning eng kuchli 100 universiteti qatoridan joy olgan, BRICS universitetlari reytingida 30-o‘rinda, Yevro Osiyo universitetlari reytingi bo‘yicha esa 8-o‘rin va talabalarning baholashi bo‘yicha Rossiyaning muhandislik Oliy o‘quv yurtlari orasida 1-o‘rinni egallab keladi. MMFI MTYaU Toshkent shahridagi filiali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yilning 20 iyul PQ-3875 sonli qarori bilan tashkil topgan.

MMFI MTYaU Toshkent shahri filialida darslar Moskva shahridagi bosh universitetning o‘quv dasturi bo‘yicha olib boriladi. O‘quv jarayoniga Rossiya va O‘zbekistonning eng malakali professor o‘qituvchilari jalb qilingan. Filial bitiruvchilari O‘zbekiston Respublikasida tan olingan va respublikaning atom sohasida ish bilan ta'minlanish kafolatini beruvchi MMFI MTYaU namunasidagi oliy ta'lim diplomini oladilar.

“O‘zkimyosanoat" AJ Matbuot xizmati

Mavzuga oid