13:42 / 26.08.2020
2225
«Temir daftar»ga kiritilgan talabalar to‘lov-kontrakt chegirmalarini qay tartibda olishi ma'lum qilindi

Bugun, 26 avgust kuni AOKA shtabida Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik axborot xizmati rahbari Farhod Babashev «Temir daftar»ga kirgan oilalarda to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydigan talabalar 4 million so‘mlik chegirmani qay tartibda olishlari haqida ma'lumot berdi.

«Talaba «temir daftar» ro‘yxatiga kiritilgan oila a'zosi ekanligini tasdiqlovchi ma'lumotni o‘zi tahsil oladigan OTM rahbariyatiga taqdim etishi zarur. Bunday ma'lumotni olish uchun Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘linmalari (ya'ni o‘zi yashab turgan hududiy bo‘linmasi)ga murojaat qilish maqsadga muvofiq», dedi Babashev.

Bundan tashqari, OTM tomonidan yetim, chin yetim, nogiron bo‘lgan talabalarga hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga ham 4 million so‘mlik ijtimoiy yordam berilishi belgilangan. Shuningdek, moliyaviy yordam beriladigan talabalar oliy ta'lim muassasasi rahbariyati aralashuvisiz, talabalar kengashi tomonidan tanlanadi. Oliy ta'lim muassasasi rahbariyati muassasaning o‘z budjeti hisobida qancha mablag‘ borligi, uning qanchasini ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga kontrakt to‘lovida yengillik uchun ajratish imkoniyati mavjudligi haqida talabalar kengashiga ma'lumot beradi. Kengashning o‘zi talabalar orasidan haqiqatan muhtoj bo‘lgan, moliyaviy yordam berish o‘rinli bo‘lganlar ro‘yxatini shakllantiradi.

Top