O‘zbekiston | 19:39 / 30.08.2020
7744
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkent filialiga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi

Foto: Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti

29 avgust kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkent shahridagi filialiga kirish imtihonlari o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Filialda talabalar 2 yo‘nalishda – «Elektron tijorat va boshqaruv» hamda «Xalqaro biznes va tadbirkorlik» sohalarida ta'lim oladi. Har bir yo‘nalishga 50 nafardan talaba qabul qilinadi. Jami 500dan ziyod abituriyent hujjat topshirgan.

Ma'lumot uchun, Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti 2004 yilda tashkil etilgan. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil fevral oyida Turkiyaga tashrifi doirasida ushbu OTMning Toshkentdagi filialini ochish yuzasidan memorandum imzolangan edi. 17 iyunda filialni tashkil etish haqida hukumat qarori qabul qilindi.

Filial dual ta'lim tizimiga asoslangan biznes va tadbirkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Ta'lim uch semestrlik o‘quv jarayonidan iborat bo‘lib, talabalar nazariy bilimlar bilan birga amaliy ko‘nikmalarni egallaydi. Semestrlarning biri butunlay amaliyotga qaratilgan bo‘lib, talabalar O‘zbekistondagi va chet eldagi yirik korxonalarda elektrotexnika sohasida, to‘qimachilik va meva-sabzavot klasterlarida amaliy mashg‘ulotlar o‘taydi.

Talabalar ta'lim jarayonida til bo‘yicha bilimini oshirish imkoniga ega bo‘ladi. chunki darslar ingliz tilida olib boriladi, qo‘shimcha ravishda turk, fransuz, nemis va xitoy tillari o‘rgatiladi.

Universitetga o‘qishga kirgan iqtidorli va kam ta'minlangan talabalar uchun Turkiya Savdo palatalari va birjalari ittifoqi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan bir qator imtiyozlar taqdim etiladi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasidan ma'lum qilinishicha, birinchi o‘quv yilida palata tomonidan barcha talabalarga (har biri uchun) 750 dollardan mablag‘ ajratiladi.

Mavzuga oid