14:47 / 09.09.2020
23218
«1000ta jo‘ja spektakli» vazir ishtirokida muhokama qilindi. Ko‘zbo‘yamachilik ishtirokchilaridan biri bo‘lgan mahalla raisi ishdan ketdi

8 sentyabrda Kun.uz'da «Past Darg‘omda «1000 ta jo‘ja spektakli»: Bosh rollarda prokuror va o‘g‘lini kambag‘al qilib ko‘rsatgan «mahallaqo‘m» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.

Unda Pastdarg‘omdagi «Qo‘qoni» mahallasi raisi «temir daftar»ga kiritilgan oila deb o‘z oilasini ko‘rsatgani haqida so‘z borgan.

Kecha, 8 sentabr kuni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov maqolada ma'lum qilingan ko‘zbo‘yamachilikni o‘rganish uchun Past Darg‘om tumani «Qo‘qoni» mahalla fuqarolar yig‘iniga bordi.

Ushbu mahallada aholi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda sodir bo‘lgan holat haqida tanqidiy fikrlar bildirib o‘tildi. Jumladan, «Qo‘qoni» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Husniddin Tursunovning mahalladagi kambag‘al oilalarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordam namunasi sifatida o‘z uyida boqilayotgan 1000 dona jo‘jani hamda kambag‘al oila vakili sifatida o‘z o‘g‘li – Doston Tirkashevni ko‘rsatgani atroflicha o‘rganilib, muhokama qilingan.

Shuningdek, uchrashuv davomida Rahmat Mamatovga «Qo‘qoni» MFY vakillar kengashi huzurida o‘tkazilgan yig‘ilish tafsilotlari xususida ma'lumot berilgan. Ma'lum bo‘lishicha, «Qo‘qoni» MFY raisi Husniddin Tursunov o‘z arizasiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Uchrashuvda Pastdarg‘om tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i M.Sanaqulovaga ham yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun hayfsan berilgan.

Top