22:42 / 16.09.2020
12641
«Titanik» halokatining yangi versiyasi taklif etildi

Amerikalik tadqiqotchilar «Titanik» kemasi halokatining yangi versiyasini ilgari surishdi. Ularning ta'kidlashicha, kema halokatiga qutb yog‘dusi olib kelgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Daily Mail nashri xabar berdi. 

Amerikalik mustaqil tadqiqotchi Mila Zinkova, kema halokatida omon qolgan Lourens Bizli va qutqaruvchi Jyeyms Bissetning ta'kidlashicha, kema cho‘kkan o‘sha mash'um tunda Atlantika okeani osmonida qutb yog‘dusi kuzatilgan. Qutb yog‘dusi Yer atmosferasining yuqori qatlamlaridagi yorug‘lanish bo‘lib, bevosita Quyosh faolligiga bog‘liq.

“Titanik” haqida yozuvchi ko‘pchilik odamlar o‘sha tunda qutb yog‘dusi kuzatilgani haqida bilishmaydi”, deb aytgan Zinkova.

Mutaxassisning fikricha, o‘sha tunda Quyoshdan otilib chiqqan zarralar kemaning boshqaruv tizimiga ta'sir qila oladigan katta hajmda bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Buning oqibatida yuzaga kelgan xalaqitlar cho‘kayotgan “Titanik” va boshqa kemalar o‘rtasidagi radiosignallar almashinuvini izdan chiqargan bo‘lishi va kemaning falokat haqidagi signallarini to‘sgan bo‘lishi mumkin.

“Kompas o‘qi bir darajaga surilgan bo‘lsa ham, bu ancha ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin”, deb qo‘shimcha qilgan tadqiqotchi.

Biroq uning ta'kidlashicha, bu holat ijobiy ta'sirga ega bo‘lgan bo‘lishi, chunki boshqa kemani “Titanik” cho‘kishi vaqtida omon qolganlar bo‘lgan qayiqlar tomon olib kelgan bo‘lishi ham mumkin. O‘sha tun 705 kishini qutqarib qolishga muvaffaq bo‘lingan. 

“Titanik” tarixi bo‘yicha ekspert Tim Maltin quyosh bo‘roni halokat yuz bergan vaqtga to‘g‘ri kelganini tasdiqlagan, biroq buni halokatga olib kelgan muhim omil deb hisoblamasligini aytgan.

“Titanik” 1912 yil aprelida Kanada sohillaridan 600 km uzoqlikda aysberg bilan to‘qnashuvdan keyin okean tubiga g‘arq bo‘lgan. 

Top