16:14 / 16.09.2020
13196
Uchtepa tumanida bekatda turgan ayolni sababsiz urgan shaxs qo‘lga olindi. IIBB tafsilotlarni ma'lum qildi

Mazkur fakt asosida Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Internetda foydalanuvchilardan biri e'lon qilgan postda Yevgeniya K. ismli fuqaro noma'lum shaxs tomonidan kaltaklangani va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan mazkur holat bo‘yicha hech qanday chora ko‘rilmagani haqida so‘z borgan.

Toshkent shahar IIBBning ma'lum qilishicha, mazkur hodisa 11 sentabr kuni taxminan soat 16:00da Uchtepa tumani G-9 “a” kvartalidagi jamoat transporti bekati yaqinida sodir bo‘lgan

Noma'lum shaxs ayolning yoniga kelib, bir necha bor uning boshi va yuziga sababsiz urgan. Hodisa haqida fuqarolar yaqin atrofda bo‘lgan profilaktika inspektori kapitan Ravshan Alimov va patrul-post xizmati xodimlariga xabar berishgan. Xodimlar voqea joyiga kelib, hodisa ishtirokchilarini Uchtepa tumani IIO FMB 7-son ichki ishlar bo‘limiga bo‘lib o‘tgan hodisa tafsilotlarini hujjatlashtirish uchun olib kelishgan. Shuningdek, jabrlanuvchi 32 yoshli Yevgeniya K.dan 102 raqamiga qo‘ng‘iroqlar kelib tushgan.

IIO xodimlari aniqlashlaricha, ayolga tashlangan kishi mast holatda bo‘lib, nima uchun bu ishni qilganini tushuntira olmagan. Mazkur shaxs spirtli ichimlik ta'siri ostida mast ekanligi tibbiyot xodimlari tomonidan tasdiqlandi. Shuningdek, sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilib, uning xulosasiga ko‘ra jabrlanuvchiga yengil darajadagi badan shikastlari yetkazilgani qayd etildi.

Ayni vaqtda ayblanuvchi ma'muriy tartibda qo‘lga olingan.

Mazkur fakt asosida Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bo‘yicha (“Bezorilik”) jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hujjatlar Uchtepa tumani IIO FMB Tergov bo‘limiga yo‘naltirildi.

Top