Jamiyat | 09:01 / 06.01.2026
18507
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda pichoq bilan qo‘shnisining uyini taqillatgan shaxs ushlandi

Toshkentning Yashnobod tumanida tunda qo‘shnisining eshigini pichoq ko‘targan holda jiringlatgan erkak qo‘lga olindi. U mast holatda bo‘lgan. Sud unga mayda bezorilik, sovuq qurol olib yurish va huquq-tartibot organlari xodimlarining talablarini bajarmagani uchun ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.

Foto: IIV

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p qavatli uyning yo‘lagidagi xonadon eshigini noma’lum shaxs pichoq ko‘targan holda jiringlatgani aks etgan video tarqaldi.

Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan izoh berdi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, 41 yoshli fuqaro O.S. 5 yanvar kuni taxminan soat 01:35 da mast holda qo‘shnisi D.Yu.ning eshigini taqillatib, uni bezovta qilgan.

Ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan chora ko‘rilgan va huquqbuzar ma’muriy tartibda ushlangan.

Holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan fuqaro O.S.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 (Mayda bezorilik), 185−2 (Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish), 194 (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

To‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudiga yuborilgan. Sud tomonidan ushbu shaxsga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid