11:17 / 18.09.2020
4955
Kavasakisimon sindrom shaklidagi yangi kasallikning asosiy klinik belgilari ma'lum qilindi

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Barno Abdusamatova kamdan kam uchraydigan Kavasaki sindromi qachondan boshlab paydo bo‘lgani, uning koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liqligi, multtizimli yallig‘lanish sindromining qanday asosiy belgilari mavjudligini ma'lum qildi.

«Covid-19 kasalligining yuqori darajasi kuzatilgan mamlakatlarda bolalarda koronavirus infeksiyasidan keyin pediatrik kavasakisimon sindrom shaklidagi yangi kasallik 2020 yil aprel oyidan qayd etila boshlandi.

Covid-19 bo‘lgan bolalar va o‘smirlarda vaqtinchalik assotsiyatsiyalangan multtizimli yallig‘lanish sindromi (MVS) — Covid-19 infeksiyasidan so‘ng yallig‘lanish bilan bog‘liq immunologik hodisa. Ushbu patologiya infeksiyadan so‘ng yuzaga keladi va bolalarda Covid-19’ga chalingandan 3-5 hafta o‘tib rivojlanadi, qonda antitanachalar aniqlanishida paydo bo‘ladi», dedi Barno Abdusamatova.

Shtab a'zosi multtizimli yallig‘lanish sindromining asosiy klinik alomatlarini sanadi.

  • 24 soat davomida tana harorati 38,5 darajadan yuqori bo‘lishi;
  • oshqozon-ichak trakti buzilishi: qorinda og‘riq, qusish, ko‘ngil aynishi, diareya;
  • 50 foiz holatlarda nafas tizimi shikastlanishi mumkin, ya'ni yo‘tal, og‘ir pnevmoniya rivojlanishi tufayli nafas siqilishi.
  • kasallik bosqichlariga ko‘ra, tanada dog‘lar, papulalar, kon'yuktivit, limfotugunlar kattalashishi, kista va oyoqdagi shishlar paydo bo‘lishi mumkin;
  • yurakda og‘riqlar shaklida yurak-qon tomir alomatlari ham mavjud;
  • shuningdek, til va labda och qizil rangda qizarish kuzatiladi.

Barno Abdusamatovaning ta'kidlashicha, Covid-19 bilan bog‘liq multtizimli yallig‘lanish sindromi (MVS) bolalarda tarqalgan kasallik hisoblanmaydi, biroq ayrim bolalarda koronavirus infeksiyasidan so‘ng Kavasaki kasalligiga o‘xshash klinik belgilar paydo bo‘lishi mumkin.

«Kasallik yurak mushaklari yallig‘lanishi, yurak tomirlari anevrizmi rivojlanishi va boshqa organ va tizimlar shikastlanishi belgilari bilan og‘ir kechishi mumkin. San-Antoniodagi Texas universiteti tibbiyot fanlari markazi shifokori Alvaro Moreyroning so‘zlariga ko‘ra, tadqiqot davomida butun dunyoda 1 yanvardan 25 iyulga qadar qayd etilgan 662 nafar multtizimli yallig‘lanish sindromi bo‘lgan bolalar salomatligi o‘rganildi. Ularning aksariyatida yurak shikastlanishi kuzatilgan.

Shuningdek, bolalarda Kavasaki kasalligida kuzatiladigan yurak qon-tomirlar kengayishi ham qayd etilgan. Taxminan 10 foiz bolalarda yurak tomir anevrizmi kuzatilgan. Anevrizm bo‘lgan bolalar salomatligi eng ko‘p xavf ostida. Yana bir xulosa, multtizimli sindrom bo‘lgan bemorlarning deyarli yarmi semizlik va ortiqcha vazndan aziyat chekishgan. Shuning uchun ham bolalarda Covid-19’ning oldini olish chora-tadbirlari avvalgiday dolzarb. Ushbu kasallikni muvaffaqiyatli davolash uchun erta tashxislash va o‘z vaqtida muolaja qilish muhim hisoblanadi», dedi Abdusamatova.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top