20:23 / 25.09.2020
8302
Rishtonda UNESCO sayyohlik ro‘yxatiga kirgan muzey borligini bilasizmi?

Hunar, hunardan unar. Dunyoda esa hunarlar ko‘p. Ularning ayrimlari san'at darajasigacha yetgan. Xususan, yog‘och o‘ymakorligi, naqqoshlik, o‘ymakorlik, kulolchilik.

Ma'lumki, kulolchilik, ya'ni gildan, tuproqdan sopol buyumlar, idishlar yasash, bugungi kunda sanoat uslubida ishlab chiqishga qadar rivojlandi. Uning tarixi minglab yillar uzoqqa borib taqaladi. Ya'ni kulolchilik eng qadimgi hunarlardan hisoblanadi.

Shu bilan birga, kulolchilikning turli mamlakatlarda o‘z yo‘nalishlari bor. Ular bugungi kunda mamlakatlar nomi bilan bog‘lanadi. Turk, yapon kulolchiligi, koreys, xitoy va boshqa mamlakatlar kulolchiliklari orasida O‘zbekistonning Rishton tumani kulolchiligi ham o‘z o‘rniga ega desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Rishton kulolchilik maktabi mahsulotlari o‘zining jimjimador, nafis, ko‘zni qamashtiruvchi naqshlari bilan kishini lol qiladi. Bir-birini takrorlamaydigan naqshlar bilan jilolangan ko‘zalar, laganlar, choynak-piyolalar nafaqat milliy, balki xorijiy sayyohlarning ham e'tiborini o‘ziga tortib kelmoqda.

Kun.uz muxbirlari Farg‘ona vodiysiga safari chog‘ida Rishton tumanida ham bo‘lib, 30 yildirki, kulolchilik bilan shug‘ullanib keluvchi mashhur usta kulol Ravshan Tojiddinov asos solgan “Koronda” kulolchilik ishlab chiqarish markazida bo‘ldi hamda sopol idishlar yasash jarayoni bilan tanishdi, uning ko‘rgazmalar zalida tomosha qildi.

Kulollar sulolasi vakili Kimyoxon Qodirovaning aytishicha, oila 3 avloddirki kulolchilik bilan shug‘ullanib keladi.

«Bobomiz ham kulol bo‘lganlar. Dadam va amakimlar ham kulolchilik qilishgan. O‘zimiz ham yoshlikdan ushbu hunarni o‘rgandik. Garchi ishimizning mehnati og‘ir bo‘lsa-da, halol. Shuning ortidan shu darajaga erishdik», - deydi Kimyoxon Qodirova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoning Turkiya, Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Gretsiya kabi 10dan ortiq mamlakatiga mahsulotlar eksport qilinmoqda.

Korxonada 70 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, yana 300 dan ortiq kishi buyurtmalarni bajarish orqali uydan ishlash imkoniyatiga ega. Korxonada 3 xil: nuqtalik, mehrob va qoraqalam yo‘nalishdagi naqshlar solingan idishlar ishlab chiqiladi.

Ma'lum bo‘lishicha, korxona muzeyi YuNeSKO ro‘yxatiga ham kiritilgan, bu yerga turli davlatlardan xorijiy sayyohlar kelib turishgan, biroq bugungi kunda pandemiya bois, ishlab chiqarish, ishchilarga o‘z vaqtida maosh berish masalalari biroz oqsamoqda.

Koronda xalqaro tajriba almashishni ham yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, bu yerda Turkiya naqshlari asosida ham sopol buyumlar ishlab chiqiladi.

 

Top